Parij ma’muriyati Olimpiada vaqtida metro chiptalari narxini deyarli ikki baravar oshirishga qaror qildi. Ya’ni, uning narxi 2,10 o‘rniga 4 yevro bo‘ladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Jamoat transportini tartibga soluvchi Il-de-Frans rahbari Valeri Pekressning so‘zlariga ko‘ra, mahalliy aholi uchun narx o‘zgarmaydi va mehmonlarga 20 iyulgacha chipta sotib olish tavsiya etiladi.
Tariflarning oshishi transport xizmatlari yuklamasining keskin oshishi bilan izohlandi. Bu hududga 200 million yevroga tushadi. Shu tariqa byudjet xarajatlari turistlar hisobidan to‘ldiriladi.
“Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlari munosabati bilan Île-de-France Mobilités kompaniyasi transport xizmatlari hajmini ikki baravar oshiradi. Qo‘shimcha xarajatlarni Parij aholisi o‘z zimmasiga olmaydi. Shuning uchun biz yangi tarifni joriy qilmoqchimiz. Kuniga 16 yevro - adolatli narx. 20 iyuldan 8 sentyabrgacha bir haftalik sayohat chiptasi 70 yevrogacha, metro chiptasi 4 yevro, shahar tashqarisiga chiqadigan elektromobillarda yurish esa 6 yevro turadi”, — dedi Pekress videomurojaatida.
Prognozlarga ko‘ra, 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlari vaqtida Fransiya poytaxtiga 10 million sayyoh tashrif buyuradi. Parlament hisobotiga ko‘ra, mintaqa 5-10 milliard yevro orasida foyda ko‘rishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, yozgi o‘yinlar Fransiyada 26 iyuldan 11 avgustgacha bo‘lib o‘tadi.