Qayd etilganidek, mamlakatimizda OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurash maqsadida zamonaviy talablarga javob beradigan 1 ta respublika, 14 ta hududiy, 63 ta tumanlararo OITSga qarshi kurashish markazlari tashkil etildi. Ushbu markazlar va laboratoriyalar OIV infeksiyasini erta aniqlash, tashxis qo‘yish uchun tegishli asbob-uskunalar bilan jihozlandi.
OIV infeksiyasi tarqalishining oldini olish, ushbu kasallikka qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etish borasida Xorazm viloyatida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
O‘tgan 9 oyda mobil laboratoriya tomonidan 79 ta aksiya o‘tkazilib, Shovot, Gurlan, Bog‘ot, Yangiariq, Hazorasp, Xonqa, Tuproqqala Urganch tumanlari va Xivada 5 ming 567 nafar aholi OIV infeksiyasiga bepul, ixtiyoriy va anonim tarzda ekspress test usulida tekshirildi. Shuningdek, 1200 nafar aholi virusli gepatit “V” va “S” kasalligiga, 500 nafar shaxs zaxm kasalligiga tekshirildi.
Qonun ijrosi doirasida Buxoro viloyatida viloyat OITSga qarshi kurashish markazi, shuningdek, tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalarni zamonaviy davolash tashxis qo‘yish asbob-uskunalar bilan jihozlash hamda ularni ta’mirlash-rekonstruksiya qilish bo‘yicha muayyan ishlar qilingan. Jumladan, OIV infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolash ishlariga alohida e’tibor qaratilib, aholining barcha qatlami tibbiy tekshiruvdan o‘tishiga qulaylik yaratish maqsadida tumanlararo tibbiyot muassasalarida zamonaviy sharoitlar yaratilgan.
Shu bilan birga, Buxoro viloyatida Vobkent va Olot tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalarini talabga javob beradigan binoga ko‘chirish singari masalalarni hal etish va ularni zamonaviy davolash tashxis qo‘yish asbob-uskunalar bilan jihozlashda ayrim muammolar mavjud.
Yig‘ilishda deputatlar kun tartibidagi masalalar yuzasidan qator taklif va tavsiyalar berdi.