Bugun 7 iyun, 2025 yil, shanba

КИР

“Oila ishlarida xotinlar hukm yurgizgan qavm najot topmaydi”

A A A
“Oila ishlarida xotinlar hukm yurgizgan qavm najot topmaydi”

Bir necha o‘n kunlar oldin ayollarning bir izdihomiga borishga to‘g‘ri keldi. Odatda, to‘ylar yoki turli marosimlarga kam boraman: vaqt tig‘izligidan tashqari, asosan dunyoviy orzu-havaslardan, molu dunyodan gapiriladigan, g‘iybat olovi bilan qiziydigan davralardan iloji boricha uzoqroq bo‘lishga harakat qilaman. Xullas, majburiyat yuzasidan o‘sha izdihomga bordim-u, ko‘p ayollarimizning tobora kaltabinlashib borayotganiga guvoh bo‘ldim. Kattagina davrada asosiy mavzu: qimmatbaho taqinchoqlar: Dubayda “ishbilarmonlik” bilan shug‘ullanadigan yoshgina juvon bilagidagi qo‘sh-qo‘sh bilakuzuklarini ko‘z-ko‘zlab, “bunisi oq tilla, bunisi qizil tilla” deya sharhlaydi; yoshi anchaga borib qolgan, lekin yuragidan dunyo havasi so‘nmagan onaxon sovet davridagi tillalarning “toza” bo‘lganidan hikoya qiladi; yaltiroq liboslarda yal-yal yonib o‘tirgan kelinchak yonidagi onasiga kuyovining to‘ydan oldin va’da qilgan brilliant ko‘zli uzukni olib bermayotganidan arz qilarkan, onasi “bitta erni eplab yo‘rig‘iga yurgiza olmayotgan, latta” qiziga erni boshqarish bo‘yicha “qimmatli maslahatlar” beradi; burishgan yuzlariga rosa upa-elik chaplab, yasama tamanno bilan o‘tirgan, yoshi oltmishlardan oshgan ayol yaqinda olgan kelinining taqib kelgan tillalaridan ko‘ngli to‘lmaganini, qudasining “tagi pastligini” davradagilarga doston qiladi; “dubaychi” ayolning loflarini jon qulog‘i bilan tinglab o‘tirgan juvon “oylikka yashaydigan” eridan hasrat qilib, “Mangayam o‘shatlardan ish topib bersangiz-chi, agar erim taloq qo‘ysayam ketardim” deya ko‘ziga yosh oladi...

Eng yomoni, izdihomdagi yosh kelinchaklarning aksariyati homilador. Men ularning bag‘rida shakllanayotgan chaqaloqlarga – kelajakning egalariga achindim: ularga g‘iybat, dunyoviy orzu-havaslar, mol-dunyo vasvasasi qon bilan singdirilyapti. Qon bilan kirgan jon bilan chiqadi! Ana shunday g‘iybatxo‘r, tilloga oshiq, mol-dunyo vasvasasiga chalingan onalardan tug‘iladi xalqning haqini yeb semiradigan, kambag‘alni tuyaning ustida itga qoptiradigan haromtomoqlar!

Biz tag‘in ma’naviyat deb bong urib yotibmiz...

“Oila ishlarida xotinlar hukm yurgizgan qavm najot topmaydi”, degan edilar Rasululloh sollallohu alayhi va sallam.

Bizga najot bormi?

Dilfuza KOMIL

Azon.uz

Kiritildi: 16:08 26.11.2018. O'qildi: 1617 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!