Toshkent viloyatining Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi «Toshkent – Andijon» avtomagistralining ayrim uchastkalarida harakat xavfsizligini ta’minlash maqsadida maksimal ruxsat etilgan tezlik qayta ko‘rib chiqildi.
Yangi tartibga ko‘ra, yengil avtomobillar uchun belgilangan maksimal tezlik 100 km/soatdan 80 km/soatga tushirildi. Mutasaddilarning ta’kidlashicha, mazkur qaror yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, haydovchilar va yo‘lovchilar xavfsizligini oshirish hamda harakatni yanada tartibli tashkil etish maqsadida qabul qilingan.
Haydovchilardan yangi yo‘l belgilariga e’tiborli bo‘lish, belgilangan tezlik me’yorlariga qat’iy rioya qilish va qoidabuzarliklar uchun jarimalar qo‘llanilishi mumkinligini inobatga olish so‘ralmoqda.