Bugun 23 noyabr, 2024 yil, shanba

КИР

Ogoh bo‘ling: O‘zbekistonda yangi giyohvand modda ommaviy ravishda, qonuniy tarqatilmoqda

Ogoh bo‘ling: O‘zbekistonda yangi giyohvand modda ommaviy ravishda, qonuniy tarqatilmoqda

Toshkent shahar IIB ma’lumotiga ko‘ra, maktabda reydlar o‘tkazilganda o‘quvchilarning cho‘ntaklarida «UzBAT» MCHJ qo‘shma korxonasida ishlab chiqarilgan «LYFT» markali, Hindistonda tayyorlangan «COOL LIP» nikotinli "snyus"lar topilgan.  Bu haqda "rost24.uz" sayti yozib chiqdi. O‘z navbatida deputat Rasul Kusherboyev shu muammoga e’tibor qaratdi.

Bunda o‘qituvchilar ba’zi bir o‘quvchilarning darsda o‘zini g‘alati tutishlarini: befarqlik, o‘zlashtirishi pastligini qayd etadilar. Keyinchalik bunday xulq-atvor bu o‘quvchilarning nikotinli "snyus" iste’mol qilishi bilan bog‘liqligi aniqlangan. 

Upa, shirinlik shaklida, yoqimli hid va ta’m beradigan vanil, shokolad, mentol ta’mli nikotinli mahsulotlar (nikotinli "snyus") bugun yoshlar orasida ommalashib bormoqda. 

Yoshlar ko‘p boradigan chakana savdo do‘konlarida tamakili va nikotinli mahsulotlarni reklama qilish va sotuvlarini rag‘batlantirish, mahsulotni shirinliklar, qandolat mahsulotlari va salqin ichimliklarga yaqin joylashtirish, ijtimoiy tarmoqlarda mashhur shaxslar va yetakchilar tomonidan reklama qilinishi, o‘yinlar va tanlovlar o‘tkazilishi – bularning barchasi tamaki ishlab chiqaruvchilarning savdoga yoshlarni jalb qilishga qaratilgan ayyorona marketing usullaridir. Bu usullarni bizdagi mavjud qonunlar cheklay oladimi? 

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining Tamakiga qarshi kurashish bo‘yicha bosh konsultanti Shuhrat Shukurovning ma’lumot berishicha, nikotinli "snyus", bu – yoshlar uchun yangi giyohvand modda. 

«Ishlab chiqaruvchilarning ma’lumotlariga ko‘ra, nikotinli "snyus" nikotin va sellyuloza aralashmasi asosida, stabilizatorlar, ta’mni shirin qiluvchilar, aromatizatorlar, konservantlar va boshqa qo‘shimchalarni qo‘shgan holda tayyorlanadi. 

Iste’molchilar (ayniqsa o‘smirlar), agar ushbu aralashmalar tarkibida tamaki bo‘lmasa, uning zarari ham yo‘q, shuningdek, ular chekishni tashlayotganda nikotinga qaramlikni yengishda yordam beradi, deb ham hisoblaydilar. Ammo bunday emas! 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, organizmga ushbu moddalarning ta’siri uning tarkibidagi kuchli narkotik ta’sirga ega bo‘lgan va o‘ziga qaramlikni keltirib chiqaradigan nikotin bilan bog‘liq. 

Bu xavfni geroin, kokainga qaramlik rivojlanishi xavfiga tenglashtirish mumkin, u alkogol va kannabis xavfidan yuqori», deydi Shuhrat Shukurov. 

"Yana bir hushyorlikka chorlaydigan masala qarshisida turibmiz. Bu muammoni yechishda zudlik bilan qonunchilikni takomillashtirish zarurligi ko‘rinmoqda. Aks holda kimlarningdir lobbizmi, deb ancha kech qolamiz va oqibati uchun yoshlar bilan javob beramiz", deb yozadi Kusherboyev.
 

Kiritildi: 15:13 18.01.2021. O'qildi: 15678 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!