Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bunday deganlar:
«يُوشَكُ أَنْ تَظْهَرَ فِيكُمْ شَيَاطِينُ،كَانَ سُلَيْمَانُ بْنُ دَاوُدَ أَوْثَقَهَا فِي الْبَحْرِ،يُصَلُّونَ مَعَكُمْ فِي مَسَاجِدِكُمْ وَ يَقْرَؤُونَ مَعَكُمُ الْقُرْآنَ وَ يُجَادِلُونَكُمْ فِي الدِّينِ،وَ إِنَّهُمْ لَشَيَاطِينُ فِي صُورَةِ الْإنْسَانِ».
“Sizlarning orangizdan tez aro shaytonlar chiqishi mumkin. Ularni Sulaymon alayhissalom dengizda bog‘lab qo‘ygan edi. O‘sha shaytonlar sizlar bilan birga masjidlaringizda namoz o‘qiydi, sizlar bilan birga Qur’on qiroat qiladi. Din borasida sizlar bilan talashib-tortishadi. Ular odam suratidagi shaytonlardir!”
Imom Tabaroniy rahimahulloh rivoyat qilgan mazkur hadisni Imom Muslim rahimahulloh o‘zining sahih hadislar to‘plamida sahobaning o‘z tilidan ham rivoyat qilgan (1/7).
Bu yerda odam suratidagi shaytonlar bilan Sulaymon alayhissalom dengizda bog‘lab qo‘ygan shaytonlar orasidagi bog‘liqlikni bunday tushunish kerak: Parvardigor jin-shaytonlarga odamlarning ichiga kirishga, odamzotning qon tomirlarida yurishga izn bergan. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bu haqida xabar berib:
إِنَّ الشَّيْطَانَ يَجْرِي مِنْ الْإِنْسَانِ مَجْرَى الدَّمِ – “Albatta, shayton insonning qon yuradigan joylarida yuradi”, deganlar (Buxoriy, 3/2038). Sulaymon alayhissalomdan so‘ng o‘sha jin-shaytonlar bo‘shalib, odamlar orasiga tarqalib ketgan.
Xullas, yomon insonlarning ichiga jin-shaytonlar o‘rnashib olib, ularga odamlarni adashtirish borasida har xil vasvasalar qiladi. Natijada, odam suratidagi shaytonlar masjidlarda odamlar ko‘ziga taqvodor ko‘rinib, bilimli inson bo‘lib ko‘rinib, adashtirish bilan shug‘ullanadilar. Bundaylar hozir Facebookda va umuman internetda ko‘payib ketgan.
Odam suratidagi shaytonlar musulmonlar bilan birga namoz o‘qiydilar, hatto imom bo‘lib ularga namoz o‘qib beradilar. O‘zlarini juda ixlosli namozxon qilib ko‘rsatadilar. Namoz o‘qimaganlarni, chala namoz o‘quvchilarni yomonlagani-yomonlagan, hatto namoz o‘qimagan musulmonlarni kofir deyishdan ham qaytmaydi.
Namozni chiroyli o‘qiganlarning, namozxon bo‘lib tanilganlarning hammasi ham to‘g‘ri insonlar bo‘lavermaydi!
Odam suratidagi shaytonlar Qur’on o‘qib beradilar, hatto undaylarning qiroatiga hamma mahliyo bo‘lib qoladi. Qur’onni chiroyli o‘qiganlarning, qori bo‘lib tanilganlarning hammasi ham to‘g‘ri insonlar bo‘lavermaydi!
Go‘yo dinni va shariatni himoya qilayotgandek talashib-tortishadilar. Odamlarni chalg‘itish, haq yo‘ldan ozdirish maqsadida ixtilofli masalalarni izlab topadilar, o‘rtaga tashlaydilar, fitnali masalalarga odamlarni jalb qiladilar. Talashib-tortishgan, oyat va hadisdan dalil keltirgan, tortishuvlarda g‘olib bo‘lganlarning barchasi ham to‘g‘ri insonlar bo‘lavermaydi!
Soqol qo‘yib, uni uzaytirib yurganlarning hammasi ham taqvodor emas!
Hijobga o‘ralib olganlarning hammasi ham iffatli emas!
Ilm o‘qib, ilmdan gapiruvchilarning hammasi ham ulamo emas!
Odamlar ko‘zida ko‘p va xo‘p namoz o‘quvchilarning hammasi ham obid emas!
Qur’onni chiroyli o‘qib, undan dalillarni sharillatib keltiruvchilarning hammasi ham Qur’on xodimi emas!
Internetda, Yotubeyutebda fatvo beruvchilarning, telegramm tarmog‘ida kanal ochib har daqiqada maqola tashlovchilarning barchasini ham shariat xodimlari deb bo‘lmaydi, balki ularning aksari adashtiruvchi shaytonlardir.
Din borasida talashib-tortishadiganlarning ba’zisi, aslida, dinsiz va xudosiz bo‘lishi ham mumkin. Dindan xato izlaydigan, uni “eskilik sarqiti” deydigan, “bugungi zamonga to‘g‘ri kelmaydi” yoki “ba’zisini olamiz, ba’zisini tark etamiz” deyuvchi ham bo‘lishi mumkin.
Aslida, juda ko‘p talashib-tortishadiganlarning ichiga jin-shaytonlar o‘rnashib olgan bo‘ladi. Buni o‘zlari ham bilmasliklari mumkin. Shuning uchun, haqni aytsangiz ham qabul qilmay turaveradilar.
Zotan, insonda aql bo‘lsa, u haqqa yurishi kerak edi. Ilm esa aqldan o‘tib ketmasligi kerak. Dalillarga yopishib, mantiqni inkor qilish, ba’zida xatolikka olib keladi.
Ota-bobolardan kelayotgan ming yillik an’analarni inkor qilib, o‘zi bilgan dalillarni keltiraverish, ba’zida fitna qobig‘iga o‘rangan bo‘ladi.
Aksincha, haq dalillarni inkor qilib, yaqinda o‘tgan ota-bobolari etagiga yopishish taassub girdobiga giriftorlik hisoblanadi.
O‘rta yo‘lda sobit turib, haqqa ergashmayaptimi, demak u odam suratidagi shayton bo‘ladi.
Zotan, dinda qattiq olish, g‘uluvga ketib, chuqur ketish ham shaytonning vasvasasidandir, adashtiruvchi yo‘ldir.
Dinda qattiq va chuqur ketish insonni haq yo‘ldan chalg‘itadi, uni manman qilib qo‘yadi, o‘zgalarni mensimaslikka olib keladi, o‘zini jannati, boshqalarni esa do‘zaxiy deb o‘ylab qolishga olib keladi.
Dinda qattiq va chuqur ketish natijasida hammani adashgan, deyishga sabab bo‘ladi, odamlar orasida fitna, g‘avg‘o, shubha va gumonlar tarqatishga sabab bo‘ladi.
Odam suratidagi shaytonlarni bilishning yo‘li, yaxshi va yomonni ajratishning usuli ko‘pchilik tomonda bo‘lish, ko‘pchilik qilgan ishni qilish, ko‘pchilik yurgan yo‘lda yurmoqdir.
Shuning uchun ham, Muhammad ibn Sirin rahimahulloh kabi olimlar hamma vaqt: فَانْظُرُوا عَمَّنْ تَأْخُذُونَ دِينَكُمْ – “Diningizni kimdan olayotganingizga qarang (e’tibor bering)!” deganlar.
Odam suratidagi shaytonlarni bilish, yaxshi va yomonni ajratish uchun ham Allohning tavfiqi bo‘lishi shart, shuning uchun hamisha tavfiq so‘rash kerak.
Alloh odam suratidagi shaytonlar yomonligidan panoh bersin! Bizlarni adashtirmasin, ularning vasvasalariga aldanib qolishdan O‘zi saqlasin!
Muallif: Hamidulloh Beruniy.
Manba: tarjumon.uz