Ukraina jangchilari Kursk viloyatida Shimoliy Koreyaning ikki askarini asirga oldi, dedi Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy.
"Jangchilarimiz Kursk viloyatida Shimoliy Koreyadan kelgan harbiylarni asirga olishdi. Ular yaralangan bo‘lishiga qaramay, omon qolgan ikki askar bo‘lib, Kiyevga olib kelingan va hozirda Xavfsizlik xizmati tergovchilari bilan suhbatlashmoqda," - dedi Zelenskiy.
Ukraina rahbarining ta’kidlashicha, "bu vazifa oson emas edi, chunki odatda rossiyaliklar va Shimoliy Koreyadan kelgan boshqa harbiylar o‘z yaradorlarini o‘ldiradilar hamda KXDRning Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etganini isbotlovchi dalillar qolmasligi uchun barcha choralarni ko‘radilar."
"Ushbu ikki kishini asirga olgan UQK Maxsus operasiyalar kuchlari 84-taktik guruhi jangchilariga va desantchi askarlarimizga minnatdorchilik bildiraman. Barcha asirlarga ko‘rsatilgani kabi, Shimoliy Koreyadan kelgan bu ikki askarga ham zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda," - deb ta’kidladi Zelenskiy.