Grenlandiya bosh vaziri Tramp bilan muzokaralarga tayyorligini bildirdi.
10 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Mute Egede AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan hozircha umuman muloqot qilmaganini aytdi. Tramp bir necha marta Qo‘shma Shtatlar Grenlandiyani Daniyadan sotib olishi kerakligi haqida bayonot berdi.
"Biz suhbatlashishga tayyormiz. Grenlandiya AQSh bilan hamkorlikka ochiq, ammo orol taqdirini grenlandiyaliklar hal qilishi kerak. Biz daniyalik bo‘lishni ham, amerikalik bo‘lishni ham istamaymiz, biz grenlandiyalik bo‘lishni xohlaymiz. Tramp tomonidan Grenlandiyaga nisbatan harbiy kuch ishlatilishi tahdidi jiddiy, ammo orol aholisi xavotirga tushmasligi kerak", — deya munosabat bildirdi Grenlandiya bosh vaziri.
Muta Egede Grenlandiyaning Daniyadan mustaqil bo‘lishi qo‘llab-quvvatlaydi. Yaqinda u "Grenlandiya — grenlandiyaliklarniki" ekanini va orol "AQSh va Daniya o‘rtasidagi siyosiy kurashlarda ishtirok etishni xohlamasligini" aytgan edi.