Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun jinoiy va ma’muriy javobgarlik joriy etishni nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritiladi.
Senat yalpi majlisida kecha “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida” va “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-prosessual kodekslariga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish hamda qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunlarni muhokama qilishgan.
Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish bilan Davlat personallashtirish markazi shug‘ullanadi. Qonunda shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish mexanizmlari mustahkamlanmoqda, u shaxsga doir ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha huquqiy, tashkiliy va texnik choralar ko‘rishni nazarda tutadi.
Bu sub’ektning o‘z shaxsiy hayotiga aralashuvdan himoya qilinish huquqi amalga oshirilishini, shaxsga doir ma’lumotlarning yaxlitligini va but saqlanishini, shaxsga doir ma’lumotlarning maxfiyligiga rioya etilishini, shaxsga doir ma’lumotlarga qonunga xilof ravishda ishlov berilishining oldi olinishini ta’minlaydi. Shuningdek, Qonunda bunday ma’lumotlarning maxfiyligi, ularning hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalariga kiritish uchun sub’ektning yozma roziligini olish, shuningdek, sub’ektning shaxsga doir ma’lumotlarini hamma foydalanishi mumkin bo‘lgan manbalardan uning murojaatiga ko‘ra chiqarib tashlash ta’minlanmoqda.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullangan.
Bundan tashqari, senatorlar ma’qullagan qonunga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga quyidagi o‘zgartishlar kiritaladi:
✅ mehnat qilish huquqini, mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish;
✅ Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini, voyaga yetmaganlar mehnatidan foydalanish mumkin emasligi to‘g‘risidagi talablarni buzganlik;
✅ ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablarini bajarmaganlik;
✅ vaqtinchalik ishga layoqatsizlik, homiladorlik va tug‘ish bo‘yicha nafaqalar to‘lash majburiyatidan bo‘yin tovlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik;
✅ O‘zbekistonga chet eldan ish kuchini jalb qilish va undan foydalanish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik;
✅ aholini ish bilan ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik, mehnat qilishga ma’muriy yo‘llar bilan majburlaganlik va bo‘sh ish o‘rinlarini berkitganlik uchun ma’muriy javobgarlik kuchaytirildi.