Isroil va Iordaniya davlatlari chegarasida joylashgan O‘lik dengiz nomi yoqimsiz bo‘lishiga qaramay, bir talay ijobiy xususiyatlarga ega. Mazkur dengiz suvi tarkibida tuz miqdori juda ko‘pligi sabab, tirik jonzotlarning yashash sharoiti mavjud emas. Shu bois bu ko‘l o‘lik dengiz deb ataladi. Suvining sho‘rligi bo‘yicha dunyoda Afrikadagi Assal ko‘lidan keyin ikkinchi o‘rinda turadi.
Agar dunyo okeanining 1 litr suvida 35 gramm tuz bo‘lsa, bu ko‘rsatgich O‘lik dengizda qariyb 8 barobar ko‘p yoki 1 litr suvda 275 gramm tuz bor. Tuzlarning yuqori konsentrasiyasi sababli, ushbu dengizda suzishni bilmaydigan kishilar ham bemalol cho‘milishi mumkin. Chunki, O‘lik dengizda odam cho‘kmaydi.
O‘lik dengiz suvi artroz, artrit va podagraga yo‘liqqanlar uchun juda foydali ekan. Minerallar esa kosmetik mahsulotlar ishlab chiqarishda qo‘l keladi. O‘lik dengizning suvini ichgan odam yo kuchli zaharlanishi mumkin yoki buyraklar ishdan chiqadi. O‘lik dengiz suvi kun botish pallasida siyoh rangiga kiradi.
O‘lik dengiz suvi yildan yilga kamayib bormoqda. Olimlarning taxminicha, agar hozirdan chora ko‘rilmasa, oradan 50 yil o‘tgach, o‘lik dengizdan asar ham qolmas ekan.
O‘lik dengizni suv bilan aslida Iordan daryosi ta’minlaydi. Lekin hozirgi vaqtda daryo suvi sanoat va qishloq xo‘jalik maqsadlariga ishlatilmoqda.