Nyu-York sudi Trampning saylov kampaniyasi davomida hujjatlarni soxtalashtirishda aybdorligi haqidagi hakamlar hay’ati qarorini o‘z kuchida qoldirdi.
16 dekabr kuni sudya Xuan Merchan Donald Trampning advokatlari tomonidan AQShning saylangan prezidentiga chiqarilgan hukmni bekor qilish to‘g‘risidagi iltimosnomani rad etdi. Sudyaning qaroriga ko‘ra, sobiq prezidentlarning qisman sud ta’qibidan daxlsizlik huquqi bu holatda qo‘llanilmaydi. Ayblov tomoni Trampga qo‘yilgan ayblovlar 2016 yilgi prezidentlik saylovidan oldin sodir etilganini ta’kidladi.
Trampning advokatlari sud jarayonini to‘liq to‘xtatishni talab qilmoqda. Ularning ta’kidlashicha, Nyu-Yorkdagi sud hakamlar hay’ati prezidentlik daxlsizligi sababli ba’zi dalillarni ko‘rib chiqmasligi kerak edi.
Joriy yilning may oyida Nyu-Yorkdagi sud hakamlar hay’ati Donald Trampni hisobotlarni soxtalashtirishda aybdor deb topgan edi. Bu ish Trampning aktrisa Stormi Denielsga 130 ming dollar to‘lovni yashirin ravishda amalga oshirgani bilan bog‘liq. Deniels Tramp bilan aloqalari haqida ma’lumotlarni oshkor qilish bilan tahdid qilgan edi. Tramp Qo‘shma Shtatlar tarixida jinoiy ish bo‘yicha aybdor deb topilgan birinchi sobiq prezident bo‘ldi.
2024 yilgi prezidentlik saylovida Donald Tramp g‘alaba qozonganidan keyin sudya Merchan ushbu ish bo‘yicha hukm e’lon qilinishini noma’lum muddatga kechiktirgan edi.