Fransiyaning Parij shahrida o‘tkazilgan UFC Fight Night turniridan keyin o‘rta vazn toifasining yangilangan reytingi e’lon qilindi.
84 kilogrammgacha bo‘lgan vazn toifasida ishtirok etuvchi o‘zbekistonlik Nursulton Ro‘ziboyev britaniyalik Maykl "Venom" Peyjga ochkolar hisobiga ko‘ra imkoniyatni boy bergach, top-15 reytingni tark etdi. Uning o‘rnini amerikalik Jared Kannone egalladi.
Bu Ro‘ziboyevning professional MMA faoliyatidagi 10-mag‘lubiyati bo‘ldi. O‘zbekistonlik jangchining umumiy rekordi hozirda 37 ta g‘alaba, 10 ta mag‘lubiyat va 2 ta durangni tashkil etmoqda.
Ro‘ziboyev UFC doirasidagi yettinchi jangida ikkinchi marta mag‘lubiyatga uchradi. Shu tariqa, uning promoushendagi ko‘rsatkichi 5 ta g‘alaba va 2 ta mag‘lubiyatdan iborat.
39 yoshli Maykl Peyj esa UFC’da 2024 yil mart oyidan beri ishtirok etib kelmoqda. Britaniyalik sportchining promoushendagi natijasi 5 ta g‘alaba va 1 ta mag‘lubiyat bo‘lsa, umumiy MMA rekordi 26-3 ko‘rinishida.