Bugun 27 aprel, 2024 yil, shanba

КИР

Noyob hayvonlar, kamyob o‘simliklar, ekoturizm: “Surxon” qo‘riqxonasiga press-tur uyushtirildi

Noyob hayvonlar, kamyob o‘simliklar, ekoturizm: “Surxon” qo‘riqxonasiga press-tur uyushtirildi

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan vazirlik tasarrufidagi “Surxon” davlat qo‘riqxonasiga press-tur uyushtirildi.

Press-tur davomida ommaviy axborot vositalari qo‘riqxona tabiati, noyob hayvonlar bilan boshqa jihatlar bilan yaqindan tanishishdi.

“Surxon” davlat qo‘riqxonasi Ko‘hitang tog‘larining sharqiy yonbag‘irlarida joylashgan bo‘lib, dengiz sathidan 850 metrdan 3137 metrgacha balandlikda joylashgan. Viloyatning Sherobod tumaniga qaraydigan bu hudud Turkmaniston Respublikasining davlat chegarasigacha qadar cho‘zilgan.

Qo‘riqxona 1986 yilda tashkil topgan bo‘lib, 23 406,4 gektar maydonni egallaydi. Shundan 12 109,2 gektari o‘rmon bilan qoplangan. Qo‘riqxona hududi 7 bo‘lim, 10 aylanma va 14 kvartalga ajratilgan. Har bir bo‘lim o‘z ichiga muayyan aylanma va kvartallarni oladi.

Qo‘riqxonada 807 turdagi o‘simlik bo‘lib, shulardan 47 xili O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan. Bundan tashqari, umurtqali hayvonlardan 26 tur sut emizuvchi, 137 tur qush, 24 tur sudralib yuruvchilar, 2 tur suvda va quruqlikda yashovchilar, 5 tur baliqlar — jami 194 tur hayvonot dunyosi vakillari uchraydi. Shulardan 25 turi O‘zbekiston “Qizil kitob”iga kiritilgan.

Qo‘riqxonadagi muhofazaga olingan hayvonlardan 18 turi Xalqaro TMQI “Qizil kitob”iga kiritilgan bo‘lib, morxo‘r yoki burama shoxli echki, buxoro tog‘ qo‘yi muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hayvonlar hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida, qo‘riqxonada hayvonlarning sanog‘ini yuritish, ularni brakonyerlardan himoyalash va yashash areallarini aniqlash maqsadida 22 ta maxsus fotoqopqon o‘rnatilgan. Kunora ana shu fotoqopqonlarga muhrlangan tasvirlar olinadi.

Ta’kidlash joizki, “Surxon” davlat qo‘riqxonasining hozirgi joylashuv o‘rnida qadimda odamlar manzilgoh qilgan. Qo‘riqxonaning deyarli barcha bo‘limlarida tarixiy manzilgohlar, tarixiy yodgorliklar mavjud. Misol uchun, “Surxon” davlat qo‘riqxonasi xududining chegarasida neolit davri odamlarining qoyalarda ov manzaralari tasvirlangan Zarausoy darasi joylashgan. Bu qoyatosh rasmlarining yoshi 15-20 ming yilga teng. Bugungi kunda yodgorlik to‘laqonli qo‘riqxona xodimlari tomonidan muhofaza qilinadi. Ushbu hududda 395,6 gektarga teng “Zarausoy qoyatosh suratlari” ekoturizm maskani tashkil yetilgan.

“Surxon” davlat qo‘riqxonasidagi “Xatak”, “Shalqon” va “Qizilolma” bo‘limlarida hayvon va o‘simliklardan tashqari qadimiy yodgorliklarni ham uchratish mumkin. Xususan, “Xatak” bo‘limida 2022 yil o‘tkazilgan arxeologik ilmiy izlanishar natijasida neandertal odami davriga to‘g‘ri keladigan manzilgohlar, ish qurollari topilgan.

“Xatak”, “Shalqon” va “Qizilolma” hududlarida o‘simliklarning nihoyatda ko‘p va dorivor turlarini uchratish mumkin. Bu hudud, asosan, Zarafshon archazorlari bilan qoplangan. Hududlarda morxo‘r, Buxoro tog‘ qo‘yi, silovsin, boltayutar, oq boshli qumoy, tasqara kabi noyob hayvon turlari yashaydi. Bundan tashqari bo‘ri, tulki, quyon, jayra, bo‘rsiq, tog‘ suvsari, kaklik va boshqa ko‘plab hayvonlarning yashash makoni ham hisoblanadi.

“Xatak” bo‘limida 700 dan ziyod, “Shalqon” bo‘limida 500 dan ziyod, “Qizilolma” hududida yesa 600 dan ziyod o‘simlik turlari mavjud. Qo‘riqxonadagi Bog‘lidara hududida “Ajinakamar” nomi bilan mashhur g‘or bo‘lib, g‘orning ichki uzunligi 60 metrni tashkil etadi.

Kiritildi: 20:12 25.09.2023. O'qildi: 5483 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!