"Dosye Shpiona" telegram kanali yozishicha, 2 martga o‘tar kechasi amalga oshirilgan dronlar hujumi natijasida kamida beshta Rossiya harbiy kemasi shikastlangan. Oqibatda uch nafar harbiy halok bo‘lgan, yana 16 nafar harbiy xizmatchi jarohat olgan.
Ma’lum qilinishicha, hujum vaqtida xususan "Eysk" va "Kasimov" nomli suvosti kemalariga qarshi kurashuvchi kemalar nishonga olingan. Shuningdek, "Valentin Pikul" mina tozalovchi kemasi ham jiddiy shikast olgani taxmin qilinmoqda. Hujumda zarar ko‘rgan yana ikki kema nomi ochiqlanmagan.
Ukrainaning Exilenova+ OSINT loyihasi 2 mart kuni kunduzi Novorossiysk portidagi kemalar turadigan maydonchaning suratini e’lon qildi. Unda 1124 raqamli “Albatros” turidagi kemalar turgan hudud yaqinida noma’lum dog‘ paydo bo‘lgani ko‘rsatilgan. Bu turga yuqorida aytilgan “Eysk” va “Kasimov” kemalari ham kiradi.