Bugun 5 sentyabr, 2025 yil, juma

КИР

Nostradamus o‘z o‘limini ham bashorat qilganmi?

A A A
Nostradamus o‘z o‘limini ham bashorat qilganmi?

Nostradamus nomi bilan tanilgan Mishel de Nostrdam fransuz dorishunosi, astrologi va alkimyogari sanaladi. 1503 yilning 14 dekabrida Fransiyada dunyoga kelgan Nostradamusni o‘z bashoratlari butun dunyoga mashhur qildi.

Bo‘lajak bashoratchining otasi Jom de Nostrdam, onasi esa Rene de Sem-Remi edi. Otasi notarius bo‘lib ishlardi. Mishel de Nostrdamning bolaligi ona tomondan katta bobosi Jan de Sen-Remi bilan birga o‘tdi. Bu oiladan ukasi, tarixchi va shoir Jan de Nostrdam ham etishib chiqdi.

Aytishlaricha, mamlakatdagi muhim shaxslardan birining ziyofatida Nostradamus ikki cho‘chqachaning taqdiri haqida bashorat qiladi. Alal-oqibat oq cho‘chqachani bo‘ri eb ketishini, qorasini esa dasturxonga tortishlarini bayon etadi. Bashoratchini uyatda qoldirish uchun uyning egasi oshpazga oq cho‘chqachani so‘yib, mehmonlarga pishirib kelishni buyuradi. Biroq uni allaqachon bo‘ri eb bo‘lgandi. Natijada, oshpaz qora cho‘chqachani so‘yib, dasturxonga tortadi.

O‘LAT DAVOSINI TOPISHGA BEL BOG‘LADI

Mishel de Nostrdan 14 yoshida qariyb ikki yuz yil oldin Rim papasi Bonifasiy VIII tomonidan asos solingan Avinyon universitetida tahsil olish uchun yo‘lga tushdi. Bu erda o‘quvchilarga trivium – grammatika, notiqlik va mantiq, so‘ngra esa kvadrium – geometriya, arifmetika, musiqa va astrologiyadan saboq berilardi.

1519 yilda Avinyon shahrida o‘lat tarqaldi, Mishel esa o‘qishdan haydaldi. Bu voqeadan so‘ng u tabiblikni mustaqil ravishda o‘rganishga va o‘latni davolash yo‘llarini topishga qaror qildi. Biroq u qanchalik urinmasin, buning echimini topa olmadi. Hayotining keyingi sakkiz yilini mohir tabib bo‘lish ilinjidagi to‘xtovsiz sayohatlarda o‘tkazdi.

O‘qishdan haydalganidan o‘n yil o‘tib, 1529 yilda Fransiyadagi Monpele universitetining tibbiyot fakultetiga o‘qishga kirdi. Bu erdan ham haydalib ketishiga bir baxya qoldi. Shunday bo‘lsa-da, nihoyat, 1534 yilda shifokorlik darajasini olishga muvaffaq bo‘ldi. Ana shu paytdan boshlab uning familiyasi lotin tilidagi kabi “Nostradamus” tarzida yozila boshlandi.

 

TABOBATDAN ASTROLOGIYAGA

Shu yilning o‘zidayoq u yana olis safarga otlandi. Mishel 1536 yildan Ajen shahrida yashay boshladi. Tez orada uning hayotiga qora ko‘lanka raxna soldi. 1537 yilda Ajenda tarqalgan o‘lat oqibatida uning rafiqasi va farzandlari halok bo‘ldi. Biroz vaqt o‘tgach Inkvizisiya sudi uni bir necha bor so‘roq qildi. Oxir-oqibat, Nostradamus bu shaharni ham tark etishga majbur bo‘ldi.

Keyingi bir necha yilni u Italiya va Germaniya bo‘ylab sayohatda o‘tkazdi. 1544 yilda Marselda o‘zining tibbiy amaliyotini qayta yo‘lga qo‘ydi. Oradan ikki yil o‘tgach, Fransiya janubi-sharqidagi Eks-an-Provans shahrida o‘lat bilan kurash olib bordi. Shahar ma’muriyati tabiblik faoliyati uchun unga umrining oxirigacha nafaqa joriy etdi.

Nostradamus qirq to‘rt yoshida Anna Ponsard Jemelega uylandi. Bu nikohdan olti nafar farzandli bo‘ldi. 1555 yilda u o‘zing ilk astrologik almanaxini e’lon qildi. Ayni shu yilda Lion shahrida Senturiyning birinchi nashri bosildi. Uning astrologik hisob-kitoblarida ko‘plab xatoliklar mavjud edi.

Shuning uchun ham o‘sha davr astrologlari uni ancha tanqid qilishdi. Hatto Lorens Videl unga “Chinakam astrologiyada siz hech narsadan ham kamroq bilasiz” deb yozgandi. U yashagan davrda astrologiya taniqli soha, astrologlar esa hurmatli kishilar edi.

QIROLNING O‘LIMINI BASHORAT QILDI

1558 yilda Senturiyning yakunlovchi qismida fransuz qiroli Genrix II ga murojaat qilib, uni dunyo sohibi deb atadi va insoniyatning yuz yil keyingi tarixini oldindan bashorat qila olishini bayon etdi. Qirol Genrix II ning o‘limini bashorat qildi. 1559 yilda risarlik turnirida vafot etgan qirolning ushbu bashorat bitilgan maktub bilan tanishgani yoki undan bexabar o‘tgani ma’lum emas.

Genrix II ning o‘limidan so‘ng, marhumning singlisi taklifi bilan Nostradamus saroyda qirolicha Ekaterina Medichi bilan uchrashdi. Shu yili undan qirol Karl IX ning taqdirini bashorat qilishni talab qilib, Nostradamusni bir necha kun uy qamog‘ida ham saqlashdi. Afsuski, Nostradamusning bu savolga javobi bizgacha yetib kelmagan.

Ekaterina Medichi va qirol Karl IX bashoratchini Salonda yo‘qlashdi va so‘ngra uni Arlda uchrashuvga taklif etishdi. Bu erda u qirollik tabibi va astrologi etib tayinlandi. Biroq u 1566 yilning 2 iyulida Salonda podagra kasalidan vafot etdi. Zamondoshlarining guvohlik berishicha, Nostradamus o‘z o‘limi kuni va soatini ham oldindan bashorat qilgan ekan.

Manba: uza.uz

Kiritildi: 07:30 16.12.2019. O'qildi: 4972 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!