O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan subsidiya va ssudalar ajratish tartibini belgilovchi idoraviy hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Hujjat 2026 yil 7 may kuni 3832-son bilan ro‘yxatga olingan.
Unga ko‘ra, subsidiyalar Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan quyidagi maqsadlar uchun ish beruvchilarga ajratiladi:
🔹 bandlik bo‘limi yo‘llanmasi bilan ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish xarajatlarini qoplash uchun — har bir xodimga 6 oy davomida har oy BHMning 4 baravari miqdorida;
🔹 aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarini belgilangan eng kam miqdordan ortiq ishga qabul qilish uchun — har bir xodimga 12 oy davomida har oy BHMning 2 baravari miqdorida;
🔹 ish o‘rinlari va mehnat sharoitlarini nogironligi bo‘lgan shaxslarga moslashtirish uchun — har bir moslashtirilgan ish joyiga BHMning 40 baravarigacha;
🔹 jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga, mazkur shaxs 3 oydan ortiq mehnat faoliyatini davom ettirganidan so‘ng — bir martalik BHMning 3 baravari miqdorida.
➖ Shuningdek, 2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvarga qadar quyidagi subsidiyalar ajratiladi:
🔸 o‘qituvchilar va ishlab chiqarish ta’limi ustalariga xalqaro darajada tan olingan kasbiy ta’lim sertifikatlari hamda milliy sertifikatlarni olish uchun sarflangan xarajatlarning 50 foizi, biroq BHMning 20 baravarigacha;
🔸 malakani baholash markazlarini tashkil etgan tadbirkorlik sub’ektlariga xarid qilingan baholash vositalari xarajatlarining 30 foizi, biroq BHMning 200 baravaridan oshmagan miqdorda.
➖ Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ularning bandligini ta’minlash maqsadida jihozlar, asbob-uskunalar, mehnat qurollari va xomashyo xarid qilish, internet xizmatlariga ulanish, shuningdek tadbirkorlik faoliyatini boshlash yoki kengaytirish uchun 3 yilgacha, 6 oylik imtiyozli davr bilan BHMning 75 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda ajratiladi.
➖ Talabgorlar subsidiya va ssudalarni olish uchun my.gov.uz, “Yagona milliy mehnat tizimi” hamda "Online mahalla" elektron platformalari orqali murojaat qilishlari mumkin.