Avvalroq, O‘zbekiston Xalqaro Islom akademiyasida hijob bilan ta’lim olish mumkin bo‘lgani va bu haqda Akademiya o‘zining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qilgani haqida xabar bergan edik.
Aslida, ijtimoiy tarmoqlarda bunday xabarlar tarqala boshlangan kunning o‘zidayoq, Azon.uz tahririyati masalaga oydinlik kiritish maqsadida, O‘zbekiston xalqaro Islom akademiyasi bilan bog‘lanishga urindi. Lekin, 19 iyun kuni akademiyaning rasmiy saytida ko‘rsatilgan telefonlarga qilgan qo‘ng‘iroqlarimiz besamar ketdi, hech kim javob bermadi.
Bugun esa, avvalgi xabarda keltirilgan, O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi Facebookʼ ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga yozilgan ushbu sharhlar o‘chirilgan:
Foydalanuvchi: “Bu akademiyada hijobda o‘qish mumkinmi?“
O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi: “Assalomu alaykum. Ha, mumkin. Bosh kiyim borasida hech qanday taqiqlar yo‘q, asosiysi akademiyaning forma bo‘yicha qoidalariga rioya qilish: pastga qora kiyim, tepaga oq kiyim”
Azon.uz tahririyati va nihoyat bugun, ushbu masalaga oydinlik kiritish maqsadida O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasi bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi. O‘zini Akademiya rektoratining xodimi Sanjar deya tanishtirgan shaxs, dastlab akademiyani Facebook ijtimoiy tarmog‘ida rasmiy sahifasi mavjudligini rad etdi. Keyinroq birorta talaba Akademiya nomidan ruxsat so‘ramasdan bunaqa sahifa ochgan bo‘lsa kerak degan javobni berdi. Vaholanki, rasmiy sahifada O‘zbekiston Xalqaro Islom Akademiyasining barcha rasmiy tadbirlari va ularning fotolari keltirilganini ko‘rish mumkin. (Agar o‘chirib yuborishmagan bo‘lsa).
Bevosita Akademiyada hijob bilan ta’lim olish mumkinmi, degan savolimizni berishga ham ulgurmasimizdan, ikkinchi taraf, sizga o‘zimiz qo‘ng‘iroq qilamiz deb, telefonni qo‘yib qo‘ydi.