Nigeriyada Niger daryosida qayiqning ag‘darilishi oqibatida 27 kishi halok bo‘ldi.
Bu haqda “Al-Jazira” telekanali xabar bermoqda.
200 ga yaqin yo‘lovchi bo‘lgan qayiq 28 noyabr kuni harakatlanayotganda ag‘darilib ketgan.
Niger favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakili Ibrohim Auduning so‘zlariga ko‘ra, yo‘lovchilarning yarmidan ko‘pi bedarak yo‘qolgan. 29 noyabr oqshomida qutqaruvchilar 27 kishining jasadini daryodan olib chiqishga muvaffaq bo‘ldi.
Hodisa sabablari hozircha noma’lum, biroq qayiq daryodagi turbulentlik yoki uning yoshi bilan bog‘liq texnik nosozliklar tufayli ag‘darilib ketishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Shtat rasmiylarining fikricha, qayiqdagi barcha yo‘lovchilar uchun qutqaruv jiletlari yo‘qligi odamlarning halok bo‘lishiga olib kelgan.
Nigeriya Favqulodda vaziyatlar milliy agentligi operasiyalar bo‘limi rahbari Jastin Uvazurune qutqaruvchilar bir necha soat davomida avariya joyini aniqlay olmaganini ta’kidladi.
Qutqaruv ishlari davom etmoqda, biroq omon qolganlarni topish imkoniyati kamaymoqda.