Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxuning «Likud» partiyasi 27 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida birinchi o‘rinni egalladi. Biroq siyosiy bloklarning hech biri hukumatni shakllantirish uchun zarur bo‘lgan ko‘pchilik ovozga erisha olmadi.
Bu haqda Isroil Markaziy saylov komissiyasining barcha byulletenlar — 100 foizi hisoblab chiqilganidan keyin e’lon qilingan dastlabki ma’lumotlaridan ma’lum bo‘ldi.
E’lon qilingan natijalarga ko‘ra, «Likud» Knessetdagi 120 ta o‘rindan 27 tasini qo‘lga kiritgan. Ikkinchi o‘rinni Gadi Ayzenkot boshchiligidagi muxolifatdagi «Yashar» partiyasi egallab, 21 ta deputatlik mandatiga ega bo‘lgan.
«Likud» hamda Netanyaxuni qo‘llab-quvvatlovchi o‘ta o‘ng va diniy partiyalar bloki 53 ta o‘rinni qo‘lga kiritgan. Muxolifat kuchlari esa 48 ta mandatga ega bo‘lgan. Yana 19 ta o‘rin arab partiyalariga nasib etgan. Ularning ikki blokdan biri bilan koalisiya tuzishda ishtirok etishi ehtimoli past deb baholanmoqda.
Hukumatni shakllantirish uchun kamida 61 nafar deputatning qo‘llab-quvvatlashi talab etiladi.
Saylovning yakuniy natijalarini ehtimoliy apellyasiyalar ko‘rib chiqilganidan so‘ng, 4 noyabrdan kechiktirmay e’lon qilish rejalashtirilgan.
Natijalar rasman tasdiqlanganidan keyin Isroil prezidenti Isxak Gersog parlamentdagi partiyalar bilan maslahatlashuvlar o‘tkazadi va deputatlardan biriga hukumatni shakllantirish vazifasini topshiradi.
Odatda bunday topshiriq eng ko‘p ovoz olgan partiya yetakchisiga beriladi. Biroq prezident parlamentda ko‘pchilikni shakllantira oladigan boshqa nomzodni ham tanlash huquqiga ega.
Birinchi nomzodga koalisiya tuzish uchun 28 kun vaqt beriladi. Zarur bo‘lganda bu muddat yana ikki haftaga uzaytirilishi mumkin. Agar koalisiya tuzishning imkoni bo‘lmasa, prezident vakolatni boshqa deputatga topshirishi mumkin. Unga esa muddatni uzaytirish huquqisiz 14 kun vaqt beriladi.