Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu oktabr oyida Eronga havo hujumi Tehron yadro dasturining bir qismiga zarba berganini aytdi. «Bu sir emas. Bu hujum ularning yadroviy dasturining muayyan tarkibiy qismini nishonga oldi», dedi u parlamentdagi chiqishida.
Avvalroq Axios portali amerikalik va isroillik rasmiylarga tayanib, Isroil zarbasi Parchindagi maxfiy tadqiqot markazini vayron qilgani, u yerda yadroviy qurilmalar uchun plastik portlovchi moddalar ishlab chiqilayotgani haqida xabar bergan edi.
Netanyaxu shuningdek, oktabr oyidagi operasiya davomida Tehronni himoya qiluvchi uchta Rossiyaning S-300 havo mudofaa tizimi yo‘q qilinganini va ular uchun ballistik raketalar va qattiq yoqilg‘i ishlab chiqarishga jiddiy zarar yetkazilganini aytdi. Unga ko‘ra, avvalroq, aprel oyida bitta S-300 batareyasi yo‘q qilingan.
Isroilning oktabr oyidagi hujumi Tehron va Tel-Aviv o‘rtasidagi keskinlashuvning so‘nggi bosqichi bo‘ldi. Zarba Eronning Isroilga qarata otilgan 200 ga yaqin ballistik raketalariga javob tariqasida berilgan. Shu bilan birga, avvalroq OAV xabar qilganidek, Netanyaxu Bayden ma’muriyatini to‘liq miqyosdagi urushning oldini olish uchun zarbalar neft yoki yadroviy ob’ektlarga emas, faqat harbiylarga berilishiga ishontirdi.
Eslatib o‘tamiz, Eron yadroviy qurol ishlab chiqayotganini rad etadi. Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchi «Eron yadroviy qurolga ega bo‘lmoqchi emas», dedi.