Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eron o‘z yadroviy dasturini qayta tiklash bo‘yicha harakatlarni amalga oshirayotganini ma’lum qildi. Shuningdek, u mamlakat xavfsizligiga tahdidlarga qarshi turish uchun milliy birlik hukumatini shakllantirishga chaqirdi.
Isroil hukumati rahbari bu haqda mamlakat Mudofaa armiyasi Bosh shtabi sobiq boshlig‘i Gadi Ayzenkot bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha X ijtimoiy tarmog‘ida yozgan.
Netanyaxuning so‘zlariga ko‘ra, Tehron yadroviy dasturini qayta tiklash bo‘yicha yana harakatlarni boshlagan.
Bosh vazir uranni boyitish ishlari qayta tiklanishi va yadroviy qurol ishlab chiqarish jadallashtirilishi holatida Eron ushbu qurolni Isroilga qarshi qo‘llashi mumkinligidan xavotir bildirgan.
«Biz bunga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Buni avval ham “Am Kelavi” va “Shaagat Xaari” operasiyalari davomida amalga oshirganmiz va mamlakatni bevosita yo‘q qilinish xavfidan saqlab qolganmiz. Biz ushbu hayotiy muhim tahdidni bir marta va butunlay bartaraf etishimiz kerak», — dedi u.
Netanyaxu Ayzenkot bilan uchrashuv uning Isroilni yahudiy xalqi davlati sifatida saqlab qolishni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy kuchlar ishtirokida milliy birlik hukumatini tuzish zarurligiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlaganini ta’kidladi.
Uning fikricha, bunday hukumat xavfsizlik sohasidagi murakkab vazifalarni samarali hal etish va milliy yarashuvga erishishga xizmat qilishi mumkin.
Hukumat rahbari Ayzenkotni mavjud kelishmovchiliklarni bir chetga surib, hech qanday dastlabki shartlarsiz keng qamrovli siyosiy koalisiya tuzish bo‘yicha muzokaralarni boshlashga chaqirdi.
Shuningdek, u milliy xavfsizlik va mamlakat kelajagi bilan bog‘liq masalalar, jumladan, harbiy xizmatga majburiy chaqiruv muammosi bo‘yicha kelishuvlarga erishish zarurligini ta’kidladi. Netanyaxuning fikricha, bu masalani o‘ta ortodoksal yahudiylar jamoasi vakillari bilan hamkorlikda hal qilish mumkin.