Ichki ishlar vazirligida Davlat rahbarining qarorlari ijrosi doirasida mahallalar xavfsizligi, jinoyatchilik profilaktikasi, yoshlar bilan ishlash va axborot texnologiyalari sohasidagi huquqbuzarliklar sarhisob qilindi, kelgusiga vazifalar rejalashtirildi.
Ichki ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 3 yanvardagi “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-son qarori ijrosi yakunlari muhokama qilindi. Shuningdek, Davlatimiz rahbarining 2026 yil 5 yanvardagi “Respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish yo‘nalishida yaxlit manzilli ishlash tizimini joriy etishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 1-sonli qarori asosida kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Tadbirda ta’kidlaganidek, 2025 yil davomida Prezident qarorlari ijrosini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Samarqand va Toshkent viloyatlarida 419 ta mahallani qamrab olgan 84 ta “Mahalla huquq-tartibot maskani” faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Ilk bor respublikadan tortib mahallagacha bo‘lgan barcha darajalarda “yo‘l xarita”lari hamda asosiy maqsadli ko‘rsatkichlar ishlab chiqildi, so‘nggi besh yilda kriminogen vaziyati murakkab bo‘lib qolayotgan mahallalarda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan manzilli chora-tadbirlar konsepsiyasi tasdiqlanib ijroga qaratildi, jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida “Xavfsiz shahar” tizimining yagona apparat-dasturiy platformasi ishga tushirildi.
Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizdagi 4 034 ta mahallada birorta ham jinoyat sodir etilmadi. Bu esa umumiy mahallalarning 44,8 foizi “yashil” toifada saqlanib qolishiga xizmat qildi.
2026 yil O‘zbekistonda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili» bo‘lganligini inobatga olgan holda, yuqorida erishilgan ijobiy ishlarni davom ettirish maqsadida ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmat rahbarlari hamda hududiy ichki ishlar organlari tomonidan boshqa huquqni muhofaza qilish organlari hamda hamkor tashkilotlar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar hamda manzilli rejalar belgilab olindi.
Yig‘ilish kun tartibining ikkinchi masalasi doirasida ichki ishlar organlari rahbarlariga biriktirilgan og‘ir toifadagi yoshlar bilan olib borilayotgan ishlar atroflicha tahlil qilindi. Ta’kidlanganidek, mazkur toifaga kiruvchi yoshlar bilan manzilli va individual ishlash, ularni ijtimoiy hayotga moslashtirish, bandligini ta’minlash hamda huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish bo‘yicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, profilaktika inspektorlari, mahalla faollari, ta’lim muassasalari va tegishli idoralar hamkorligida har bir yoshning ijtimoiy-ruhiy holati o‘rganilib, ular uchun alohida “ijtimoiy yo‘l xarita”lari ishlab chiqilgan. Shuningdek, ularni kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, sport va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etish orqali salbiy muhit ta’siridan chiqarishga alohida e’tibor qaratildi.
Muhokamalar jarayonida ayrim hududlarda olib borilayotgan ishlar yetarli darajada samara bermayotgani tanqid qilindi. Shu munosabat bilan mas’ul rahbarlarga og‘ir toifadagi yoshlar bilan ishlashda shaxsiy javobgarlikni kuchaytirish, nazorat mexanizmlarini yanada takomillashtirish hamda natijadorlikka qaratilgan aniq vazifalar yuklatildi.
Kun tartibining uchinchi masalasida 2025 yil davomida axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan huquqbuzarliklar, shuningdek joriy yilning o‘tgan o‘n kunligida qayd etilgan og‘ir va o‘ta og‘ir turdagi jinoyatlar batafsil tahlil qilindi.
Qayd etilganidek, raqamlashtirish jarayonlarining jadallashuvi bilan bir qatorda kiberjinoyatchilik holatlari ham ortib borayotgani kuzatilmoqda. Internet orqali firibgarlik, shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy egallash, elektron to‘lov tizimlariga tajovuz qilish bilan bog‘liq jinoyatlar profilaktikasiga alohida e’tibor qaratish zarurligi ta’kidlandi. Shu boisdan, axborot texnologiyalari sohasida jinoyatlarni barvaqt aniqlash va oldini olish bo‘yicha zamonaviy tahlil usullarini joriy etish vazifasi belgilandi.
Shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarning har biri yuzasidan sabab va shart-sharoitlar chuqur o‘rganilib, mas’ul tuzilmalarga jinoyatlar sodir etilishiga olib kelayotgan omillarni bartaraf etish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish vazifasi yuklatildi.
2026 yilni Ichki ishlar vazirligida “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashishni jadallashtirish yili” sifatida qabul qilib, tizimli ishlarni davom ettirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.
Tadbir yakunida tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga muvofiq, vazirlikning amaldagi zaxirasida bo‘lgan polkovnik O‘roqov Azamat Shodiyevich Jamoat xavfsizligi departamenti boshlig‘ining o‘rinbosari — Probasiya boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.