NATO Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflariga yozma ravishda javob qaytardi. Bu haqda NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Bryusseldagi matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning takliflariga yozma javob 26 yanvar kuni AQSh bilan parallel ravishda topshirilgan. Rossiyaga javob xati to‘g‘risida NATO bosh kotibi quyidagilarni gapirdi:
NATOning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha javobi alyansning barcha 30 a’zosi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Biz asosiy tamoyillarimiz, jumladan, ochiq eshiklar siyosati va suveren mamlakatlarning NATOga kirish huquqini o‘zgartirish bo‘yicha murosaga tayyor emasmiz. Ammo Rossiya bilan gaplashishga, uning xavotirlarini tinglashga tayyormiz, buni qancha tez boshlasak, shuncha yaxshi. Biz Moskva va Bryusseldagi vakolatxonalarni tiklashni, shuningdek, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa liniyasini tashkillashtirishni taklif qilamiz.
Qurollarni nazorat qilish bo‘yicha keng ko‘lamli muloqot boshlashni zarur deb hisoblaymiz. Ammo Rossiya o‘zining agressiv siyosatidan voz kechib, qo‘shinlarini Gruziya, Ukraina va Moldovadan olib chiqishi kerak, qo‘shinlar ushbu davlatlar hukumatlarining roziligisiz joylashtirilmoqda. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, kuchlarimizning tayyorgarlik darajasini oshirdik va Boltiqbo‘yi, Qora dengiz mintaqalarida o‘z ishtirokimizni kuchaytirmoqdamiz.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken esa tegishli matbuot anjumanida quyidagilarni aytdi:
- Bizda bir qator asosiy tamoyillar mavjudki, ularni himoya qilishga doim tayyormiz. Bunga Ukraina suvereniteti va uning hududiy yaxlitligini saqlash kiradi. Shuningdek, har bir davlatning o‘z ittifoqchilarini o‘zi tanlash huquqi ham. Biz muloqotga ochiqmiz va diplomatiyani afzal ko‘ramiz, lekin Rossiya keskinlikni pasaytirishi kerak. NATO ochiq eshiklar tamoyiliga amal qiladi. Bizning pozisiyamiz Yevropa ittifoqchilari va Ukraina bilan kelishilgan. Voqealar qanday rivojlanishini Rossiya hal qiladi. Biz har qanday ssenariyga tayyormiz. Rossiyaning takliflariga bergan javobimiz matnini e’lon qilmayapmiz, chunki diplomatiya muvaffaqiyati uchun maxfiy muzokaralar zarur. Umid qilamizki, Rossiya ham shunday fikrda.
NATOni sharqqa kengaytirmaslik, sobiq SSSR davlatlarini alyansga qo‘shmaslik va Ukraina hududida harbiy faoliyatni taqiqlash to‘g‘risidagi bandlar Rossiyaning 2021 yil dekabr oyi o‘rtalarida alyans va AQShga yuborgan xavfsizlik kafolati shartnomasi loyihasiga kiritilgan edi. Rossiya Ukraina va Gruziyaning NATOga a’zo bo‘lmasligi uchun «temir, qonuniy majburiyatlar, va’dalar emas, balki kafolatlar» kerakligini bildirgan.