Rossiyaning Ukrainaga qarshi raketali hujumlari Yevropada xavfsizlikni ta’minlash uchun havo va raketa himoyasini besh barobar oshirishni talab qilmoqda. Bu haqda NATO bosh kotibi Mark Ryutte Londondagi Chatham House tahlil markazidagi nutqida ta’kidladi.
Ryuttening Bloomberg keltirayotgan so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning havodan amalga oshirayotgan zo‘ravon harakatlari faqat Ukraina uchun emas, balki butun Yevropa xavfsizligi uchun jiddiy tahdid solmoqda.
«Rossiya Ukrainaga nisbatan havodan terror olib bormoqda. Shuning uchun biz o‘z osmonimizni himoya qiluvchi qalqonni mustahkamlashimiz kerak», — dedi Ryutte.
U Yevropaning kollektiv mudofaa salohiyatini oshirish uchun «kvantli sakrash» talab etilishini va havo hujumidan himoya hamda raketa hujumidan himoya tizimlarini 400 foizga ko‘paytirish kerakligini bildirdi.
Bu tashabbus iyun oxirida Haagada bo‘lib o‘tadigan NATO sammitida muhokama etiladi. Ryutte sammitda harbiy xarajatlarni YAIMning 3,5 foiziga yetkazish va kiberxavfsizlik hamda chegara muhofazasi kabi sohalarga qo‘shimcha 1,5 foiz ajratish rejasini ham taklif qilmoqchi.
Londonda u Buyuk Britaniya Bosh vaziri Kir Starmer bilan uchrashishi kutilmoqda. Starmer 2027 yilgacha mudofaa xarajatlarini 2,5 foizga yetkazish va mamlakatni NATOdagi yetakchi harbiy kuchga aylantirish niyati borligini bildirgan. Biroq Britaniya hukumatining so‘nggi mudofaa strategiyasi mamlakat AQSh yoki Xitoyga teng raqiblar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvga tayyor emasligini ko‘rsatgan.
Tahlilchi Fiona Hillning ta’kidlashicha, Britaniya hozir Rossiyaning agressiyasi va AQShning siyosiy beqarorligi o‘rtasida qiyin vaziyatga tushib qolgan. U Rossiyani «favqulodda hozir va xavfli raqib» deb ta’rifladi va Kremlni «Zaharlash, qatllar, diversiyalar, kiberhujumlar va infratuzilmaga qarshi harakatlar» orqali Britaniyaga tahdid solishda aybladi.