Iroqdagi NATO missiyasida ishtirok etayotgan barcha niderlandiyalik harbiy xizmatchilar va fuqarolik mutaxassislari mamlakatni tark etib, uylariga qaytmoqdalar.
Bu haqda Niderlandiya mudofaa vaziri Dilan Yeshilgyoz-Zegerius o‘zining ijtimoiy tarmoq sahifasida e’lon qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Yaqin Sharqdagi yomonlashib borayotgan xavfsizlik vaziyati fonida NATO Iroqdagi missiyasining formatini o‘zgartirishga va ishtirokchilarini Yevropaga ko‘chirishga qaror qildi.
"Shu sababli, barcha gollandiyalik harbiy va fuqarolik mutaxassislari Iroqni tark etishdi. Ular Niderlandiyaga qaytmoqdalar", deb yozgan vazir.
U shuningdek, missiya yaqin orada Neapoldagi NATO Qo‘shma kuchlari qo‘mondonligi bazasidan cheklangan formatda davom etishini ta’kidladi.
Iroqdagi NATO missiyasi 2018 yil iyul oyida Bryusselda bo‘lib o‘tgan ittifoq sammitidan so‘ng tashkil etilgan va o‘sha yilning oktyabr oyida Bag‘dodda rasman faoliyatini boshlagan. Uning vakolatiga Iroq xavfsizlik kuchlariga maslahat berish va ularni o‘qitish, mudofaa institutlarini mustahkamlash va Iroq hukumatiga terrorizmga qarshi kurashda yordam berish kiradi.