NATO AQShga qaramlikni kamaytirish hamda Ukraina va Rossiya chegaralarida kuzatuvni kuchaytirish uchun o‘zining sun’iy yo‘ldoshli razvedka tizimini ishga tushirmoqda.
Shimoliy Atlantika alyansi AQShning yangi ma’muriyati hamkorlikni cheklashi mumkinligidan xavotirlar fonida o‘zining sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatuv imkoniyatlaridan foydalana boshladi. NATO birinchi marta Ukrainadan tortib uning sharqiy qanotigacha bo‘lgan keng hududlarni kechayu kunduz kuzatib borishi mumkin bo‘ladi, dedi Bloomberg agentligiga ittifoqchi kuchlarning transformasiya bo‘yicha oliy qo‘mondoni Per Vandiyeu.
Generalning so‘zlariga ko‘ra, alyans har qanday ssenariyga, jumladan, mumkin bo‘lgan tinchlik kelishuviga ham tayyor bo‘lishi kerak.
"Bugun biz ruslar Ukrainada to‘xtab qolishlariga ishonchimiz komil emas", dedi Vande.
SINBAD (Smart Indication And Warning Broad Area Detection) deb nomlangan tashabbus Amerikaning Planet Labs kompaniyasi suratlari asosida sun’iy yo‘ldosh razvedka tizimini o‘rnatadi. Ularning sun’iy yo‘ldoshlari muntazam ravishda faoliyat ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hududlarni skanerdan o‘tkazadi – sun’iy intellekt yordamida tizim qo‘shinlar, texnikalar harakati va agar birortasiga erishilsa, o‘t ochishni to‘xtatish rejimining buzilishini tezda qayd etishi mumkin bo‘ladi.
NATO rasmiysi SINBAD faqat pilot loyiha ekanligini tasdiqladi. Koinot razvedkasining keng ko‘lamli joylashtirilishi 2026-yilning yanvariga mo‘ljallangan. Kelgusida sun’iy yo‘ldoshlardan Arktikani kuzatishda foydalanish rejalashtirilgan.
Ayni paytda NATO mamlakatlarida Moskvaning kelajakdagi niyatlari haqida xavotirlar kuchaymoqda. Germaniya Federal razvedka xizmati rahbari Bruno Kal Rossiya prezidenti Vladimir Putin “rus tilida so‘zlashuvchi aholini himoya qilish” bahonasida Boltiqbo‘yi mintaqasini beqarorlashtirishga urinishi mumkinligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina NATO bilan mumkin bo‘lgan to‘qnashuv oldidagi oraliq bosqich xolos.