So‘nggi 5 yilda respublika hududida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlar 74 foizga oshgan.
Ko‘plab tadqiqotlar bilan tasdiqlanishicha, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish, ushbu xatti-harakatlarning ayniqsa yoshlar tomonidan sodir etilishiga ko‘proq quyidagi omillar sabab bo‘ladi:
oiladagi nosog‘lom muxit;
atrofdagi shaxslarning beparvoligi;
yoshlar orasida giyohvandlik moddalarini iste’mol qiluvchilarining ortib borishi;
dorixonalarga reseptsiz sintetik giyohvand preparatlarning yangi turlari kirib kelishi;
giyohvandlik moddalarining noqonuniy aylanishini nazorat qilish tizimidagi (huquqiy va tashkiliy) ayrim kamchiliklar;
voyaga yetmaganlarning nazoratsizligi va qarovsizligi;
Internet tarmog‘i va xorijiy filmlarning salbiy ta’siri.
IIV ma’lumotlariga ko‘ra: So‘nggi 5 yilda respublika hududida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi vositalar noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikka tortilgan shaxslar orasida yoshlar 74 foizga (shu jumladan, talabalar 21 foizga, maktab o‘quvchilari 6 barobarga) oshgan. 5 728 nafar yoshlar (jumladan, 117 nafar talaba va 45 nafar maktab o‘quvchisi) javobgarlikka tortilgan.
Narkologik hisobga olingan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan giyohvandlik vositalari iste’molchilari 60 foizga ko‘payib, 986 nafarga yetgan.
Ko‘rinib turibdiki, vaziyat o‘ta jiddiy. Statistikada oddiy bo‘lib ko‘ringan raqamlarning har biri kimningdir dilbandi, kelajagi barbod bo‘layotgan bir yosh yurtdoshimizning taqdiri. Aynan shu sababli ham, bu illatga qarshi keng ko‘lamda kurash olib borish shartdir va bunda jamoatchilik asosiy o‘rin tutishi zarur.
Qayd etish o‘rinli, hozirda bu borada targ‘ibot tadbirlari kuchaytirildi. Yoshlar ongiga yetib boradigan axborot vositalari va texnologiyalaridan faol foydalanilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Narkotik moddalarni nazorat qilish milliy axborot-tahlil markazi, Milliy gvardiya, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Madaniyat va turizm vazirligi, Milliy teleradiokompaniya tomonidan hamkorlikda qabul qilingan reja asosida kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Har yili fevral oyida ichki ishlar organlari tomonidan «Yoshlar orasida giyohvandlik va psixotrop moddalarning tarqalishiga qarshi kurashish» oyligi o‘tkazib kelinmoqda. Birgina 2023 yilning o‘zida Yoshlar hamda Ma’naviyat va ma’rifat markazlari, oliy ta’lim muassasalari, o‘rta maxsus bilim yurtlari, liseylar, umumta’lim maktablari, mahallalarda, shuningdek, ishchi-xizmatchilarning asosiy qismini yoshlar tashkil etuvchi korxonalarda «Biz giyohvandlikka qarshimiz» mavzusida uchrashuv, davra suhbati kabi 10 mingdan ziyod targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilgan.