Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad Rossiyaga qochishidan oldin 500 ming dollar naqd pul, qimmatbaho buyumlar, hujjatlar, noutbuklar va maxfiy ma’lumotlar saqlangan qattiq disklarni olib chiqib ketishga ulgurgan.
Bu haqda Reuters 14 nafar suriyalik amaldor, sobiq rahbar atrofidagi manba, sun’iy yo‘ldosh tasvirlari, parvozlarni kuzatish ma’lumotlari va WhatsApp yozishmalariga asoslanib xabar bermoqda.
Asadning iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi Yasar Ibrohim Embraer Legacy 600 samolyotini ijaraga olgan. Unda Birlashgan Arab Amirliklariga sobiq prezidentning mol-mulki, qarindoshlari va yordamchilari olib ketilgan. Asad rejimi qulashidan 48 soat oldin samolyot u yerga va orqaga to‘rt marta uchgan.
Damashqdan Abu-Dabining Al-Batin aeroportiga dastlabki ikkita parvoz 6 dekabrda amalga oshirilgan. O‘shanda Asadning oila a’zolari naqd pul, shuningdek, rasmlar va kichik haykallarni olib ketayotgan holda Suriya hududini tark etgan. Embraer uchinchi marta 7 dekabr kuni kechqurun Suriya poytaxtidan uchib ketdi. U naqd pul solingan sumkalar, shuningdek moliyaviy yozuvlar, uchrashuvlar bayonnomalari, kompaniyalar va ko‘chmas mulkka egalik huquqi to‘g‘risidagi ma’lumotlar hamda pul o‘tkazmalari va offshor hisoblariga oid ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan qattiq disklar va elektron qurilmalar bilan yuklangan edi.