Bugun 19 aprel, 2024 yil, juma

КИР

Namanganlik yigit niqob kiyib ayol kishining uyiga bostirib kirdi

Namanganlik yigit niqob kiyib ayol kishining uyiga bostirib kirdi

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan va endigina 23 yoshni qarshilagan Nurmuhammad Nurmatov (ism shariflari o‘zgartirilgan)yosh bo‘lishiga qaramay, biror tayinli ishni boshini tutmagan, yengil-elpi hayot tarziga ko‘nikib ulg‘aydi. Shu bois bugun jinoyatga qo‘l urib, umrining gulgun qismini panjara ortida o‘tkazadigan bo‘ldi.

Tayinli kasbi bo‘lmagan va hali oila qurmagan Nurmuhammad 2019 yil 12 iyul kunidan 13 iyul kuniga o‘tar kechasi sayr qilish uchun ko‘chaga chiqdi. Bemahalda, maqsadsiz ko‘cha kezarkan, xayollar og‘ushida ketib borardi. Shu payt u Uchqo‘rg‘on tumani, “Namuna” MFY, Toshhovuz ko‘chasida yashovchi qo‘shnisi I. Abduraxmanovning eshigi tagidan o‘tib qoldi.  Qo‘shnisining ko‘cha tomonga qaragan derazasi ochiq turganligi va chiroqlari o‘chiqligini ko‘rib, ichida shayton vasvasa qila boshladi.  Xonadon a’zolarining uyqudaligidan foydalanib, uydan qo‘lga ilinadigan nimadir o‘g‘irlashni va o‘g‘irlangan buyumlarni mo‘mayroq pulga sotishni niyat qildi.

Xayoliga kelgan fikrdan mast bo‘lib, qo‘shnisining uyiga deraza orqali kirdi va xonadan “Samsung S-6” rusumli hamda “Samsung J-2” rusumli jami narxi 3 mln. 500 ming so‘mga teng bo‘lgan telefon apparatlarini o‘g‘irlab chiqib ketdi.

Jinoyatini yashirish maqsadida oradan bir-ikki kun o‘tkazib, tanishi S.Odilovga “Samsung S-6” rusumli telefon apparatini o‘ziga tegishli ekanligini, pulga zoriqqanida berishini aytib, saqlab turish uchun berdi. “Samsung J-2” rusumli telefon apparatini esa tanishi SH.Botirovaga sovg‘a qilib berib yubordi. Bir xafta o‘tgach esa ikkala telefon apparatlarni qaytarib olib, S. Odilov va SH. Botirovaga berilgan telefonlarni almashtirib berdi.

Xonadon egasi I.Abdurahmanovning huquq tartibot idoralariga qilgan arizasi yuzasidan tuman IIB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, S.Odilov va SH. Botirovalardan telefonlar tekshirish uchun olindi.

Jinoyat ishida ashyoviy dalil deb topilgan bu telefonlar tilxat orqali qonuniy egasiga qaytarildi..

Garchi unga nisbatan dastlabki tergov harakatlari olib borilayotgan bo‘lsa-da, u o‘ziga xulosa chiqarib olmay, yana qayta jinoyatga qo‘l urdi. Bu gal uning o‘ljasi Uchqo‘rg‘on shahri, “Ulug‘bek” MFY ko‘chasidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchi fuqaro G. Artiqova bo‘ldi.

2020 yil 8 fevral kuni soat 20:30lar chamasida shu hududda sayr qilib yurgan Nurmuhammad, hududda qurilishda ishlab yurgan kezlari G. Artiqova bilan bir oz gap talashib qolganini eslab qoldi. Shu bois, uni biroz qo‘rqitib qo‘ymoqchi bo‘ldi. G. Artiqova voyaga yetmagan qizlari va qarindoshi SH. Mirzahmedovalar bilan televizor ko‘rib o‘tirgan paytida Nurmuhammad, deraza orqali xonadonga kirib keldi.

Shu payt G.Artiqovaning voyaga yetmagan qizi oshxona tomonga o‘tdiyu, to‘satdan baqirib yubordi. Ovozni eshitgan xonadon egalari, yuvinish xonasiga kelganlarida, N. Nurmatov yuziga qora niqob kiyib, ikkala qo‘liga pichoq ushlagan holatda kirib kelayotganiga guvoh bo‘ldilar. Qo‘rqib ketgan ayollar undan nima xohlashini so‘rashganida, Nurmuhammad telefon apparatlarini berishni talab qildi.

Unga divan ustida elektr quvvatlagichga ulangan holatda turgan “Samsung Duos” rusumli telefon apparatni olib chiqib ketishi mumkinligini aytishganida esa u SH. Mirzahmedovaning ham telefon apparatni berishini talab qila boshladi.

Xonada ko‘pchilik bo‘lgani bois vaziyat jiddiy tus olishini bilgan N. Nurmatov xonadon egalarining huquq tartibot idoralariga qo‘ng‘iroq qilmasliklarini oldini olish maqsadida “Samsung Duos” rusumli telefon apparatini oldi va bu yerdan juftakni rostladi.

Olib borilgan tergov harakatlari davomida Nurmuhammad Nurmatov aybiga iqror bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan bo‘lib o‘tgan sud majlisida Nurmuhammad Nurmatov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining bir qator bandlari bilan aybdor deb topildi.

Jumladan, unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 59, 61-moddalari tartibida jazolar qisman qo‘shilib, o‘tash uchun uzil kesil 3 (uch) yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.


 

Sardorbek ABDUSATTOROV,

                                      Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tuman sudining raisi

Akmal Abdusalomov

Jinoyat ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tuman sudining devonxona mudiri

 

Kiritildi: 09:42 30.06.2020. O'qildi: 2978 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!