Joriy yilning 4 iyul kuni soat 08:30 larda Uychi tumani «Mustaqillik» mahallasi hududida shu tumanda yashovchi fuqaro o‘ziga tegishli bo‘lgan «VAZ-21063» rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchini urib yuborgan. Afsuski, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay jabrlanuvchi 9 iyul kuni shifoxonada vafot etgan.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha tuman IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, 9 iyul kuni sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi ham afsuski ayanchli yakun topdi. Soat 16:30 larda, Kosonsoy-Namangan yo‘lining 17 km.da tumanda yashovchi fuqaro «Damas» rusumli avtomashinasini boshqarib borayotib, harakat xavfsizligini ta’minlay olmay, yo‘lni kesib o‘tayotgan velosipedchini urib yuborgan.
Shifokorlar tomonidan ko‘rsatilgan tez tibbiy yordamga qaramay og‘ir tan jarohati bilan shifoxonada vafot etdi.
Hozirda ushbu holat bo‘yicha tuman IIB huzuridagi TB tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
«Hurmatli haydovchilar! Avtomobil boshqarayotganingizda yo‘l harakati qoidalariga qat’iy rioya qiling. Bir insonning halok bo‘lishiga yoki og‘ir tan jarohat olishiga sababchi bo‘lib qolmang», deyiladi Namangan viloyati IIB Axborot xizmati xabarida.