Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashni yanada kuchaytirish bo‘yicha mamlakatimizda barcha zarur choralar ko‘rilmoqda. Dunyo miqyosida global muammoga aylangan pandemiya xavfini yumshatish va uning keng tarqalishini oldini olish borasidagi eng zarur choralardan biri bu shubhasiz axolining yashash honadonida bo‘lishi, zarur bo‘lgan oziq-ovqat va dori-darmon vositalaridan tashqari holatlarda ko‘chaga chiqmaslik va karantin qoidalariga qat’iy amal qilishdir. Aks holda qonun doirasida chora ko‘rilishiga sabab bo‘ladi. Mamalakatimizda koronavirus pandemiyasiga qarshi keskin choralar bilan kurash olib borilayotgan ayni bir paytda, mazkur o‘rnatilgan tartib qoida talablariga hamma ham rioya qilayapdimi degan haqli savol tug‘iladi. Ammo oramizda shunday fuqarolar borki, ular nafaqat belgilangan tartib qoidalarga rioya qilmayapti, balki, karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishi sharoitida vakolatli organning maxsus talablariga zid ravishda xarakat qilayotganlar xam uchrab turganligi achinarli holatdir. Namangan shahrida istiqomat qiluvchi M. A va A.Alar ana shunday fuqarolardandir.
Huquqbuzarlar A.M va A.A 2020 yil 14 aprel kuni, jamiyatda yurish-turish qoidalarni qastdan mansimasdan, Namangan shahar Paxtakor ko‘chasida A.M va Marg‘ilon ko‘chasida A.A karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishi hamda tarqalishini oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarga zid ravishda, bemaqsad o‘zining boshqaruvida bo‘lgan avtomashinasida harakatlanib, shaxar IIB xodimlarining qonuniy talablarini bajarmasdan, katta ko‘chada baqir-chaqir qilib, jamoat tartibini buzib, mayda bezorilik sodir etganlar.
Huquqbuzarlar A.M va A.Alarning yuqoridagi g‘ayriqonuniy xatti-xarakatlari To‘raqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudi tomonidan 2020 yil 14 aprel kuni ochiq sud majlisida ko‘rib chiqilib, huquqbuzar A.M O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 54-moddasi 2-qismi, 183-moddasi va 194-moddasining 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 34-moddasi tartibida unga nisbatan ma’muriy qamoq bilan bog‘liq huquq ta’sir chorasi;
Huquqbuzar A.A O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 54-moddasi 2-qismi, 183-moddasi va 194-moddasining 1-qismida ko‘rsatilgan huquqbuzarlikni sodir qilgan deb topilib, O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 34-moddasi tartibida bazaviy hisoblash miqdorini yigirma baravari miqdorida 4.460.000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Aziz xamyurtlar, zaruriyat bo‘lmasa uydan chiqmang – uyda qoling. Karantin qoidalariga qat’iy rioya qiling! Bu bilan Siz o‘zingizni, farzandlaringizni, yaqinlaringizni va butun O‘zbekiston halqini asragan va koronavirus infeksiyasini tarqalishini oldini olishga juda katta xissa qo‘shgan bo‘lasiz.
Egamnazar Abdullayev.
To‘raqo‘rg‘on tuman ma’muriy sudi raisi