Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasining Chortoq tumani bo‘limi tomonidan olib borilgan navbatdagi targ‘ibot tadbiri va tushuntirish ishlari natijasida, alimentchi ota o‘z bolasi moddiy ta’minotidan bo‘lgan qarzdorlikni to‘lab berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining hal qiluv qaroriga ko‘ra, qarzdor ota I.Q. dan sobiq turmush o‘rtog‘i A.Q. foydasiga ikki nafar farzandi uchun har oyda aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro varaqasi byuroning Chortoq tumani bo‘limi ish yurituviga kelib tushgan hamda amaliy ijro harakatlar olib borilgan.
Biroq, qarzdor ota ogohlantirishga qaramay farzandlari moddiy ta’minotidan qariyb 67 oy bo‘yin tovlab kelgan. Tushuntirishlar samara beravermagach, MIB davlat ijrochisi tomonidan kiritilgan taqdimnomaga ko‘ra, sudning qarori bilan mas’uliyatsiz otaga nisbatan 15 sutkalik ma’muriy qamoq belgilanadi. Ushbu ma’muriy qamoq chorasidan keyin ota o‘ziga tegishli xulosa chiqarib, olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng 110 million so‘m qarzdorlik to‘lab berildi.
Bundan tashqari fuqarolik ishlari bo‘yicha Yangiqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2022 yil 22 sentyabrdagi buyrug‘iga asosan qarzdor B.R. dan undiruvchi U.R. ga 1/4 qism aliment urdirish haqidagi ijro hujjati yuzasidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasida qarzdor ota zimmasidagi burchini ado etdi. Ya’ni, o‘z farzandining kelajakdagi moddiy ta’minoti uchun 100 million so‘m aliment pulini to‘lab berdi.
Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning shahar, tuman bo‘limlari tomonidan aliment undirish bilan bog‘liq ijro hujjatlarini ta’minlashga qaratilgan shunday amaliy chora-tadbirlar davom etmoqda.