Bugun 8 avgust, 2025 yil, juma

КИР

Mutasaddilar ko‘magidan umid uzgan andijonlik nogiron ayol jurnalistdan yordam so‘radi

A A A
Mutasaddilar ko‘magidan umid uzgan andijonlik nogiron ayol jurnalistdan yordam so‘radi

Siz ham e’tibor qilgandirsiz: so‘nggi vaqtlarda axborot saytlarida tez-tez ayollar bilan bog‘liq noxush voqea-hodisalar, jinoyatlar xususida xabarlar berilyapti. Bolasini bo‘g‘ib o‘ldirgan ayol, ikki bolasi bilan o‘zini suvga tashlagan ona, erini pichoqlagan ayol, tahqirlangan ayol va hakazo. Aslida, bu kabi voqealar juda qo‘rqinchli va yurakning eng osti qatlarigacha og‘riq yetkazadigan darajada zarbli...

 

Jamiyatimizda dolzarb masalalar qalashib yotganida, ayniqsa ayollar huquqlarini himoya qilish borasidagi muammolar tinimsiz bo‘y ko‘rsatib turgan bir paytda, afsuski, hali-xunuz yolg‘on statistikalaru “osmono‘par” hisobotlarga andarmonmiz. To‘g‘risi, mikrofonga “o‘ranishib” olib, “Biz inson huquqlarini ta’minlash borasida falon ishlar qildik, piston chora-tadbirlarni amalga oshirdik, ana bundoq yutuqlarga erishdik”, degan balandparvoz gaplarni kiprik qoqmay aytish uchun odam yo vijdonsiz, yo ko‘zi ko‘r va qulog‘i kar bo‘lishi kerak. Tupuk sachratib balandparvoz hisobotlar berish davri allaqachon tarixga aylanganini ayrimlar hali ham anglamagani kishini xunob qiladi...    

 

Umumiy shablon fikrlar tugadi. Endi muddaoga o‘taman:

 

Yaqinda “Feysbuk”dagi shaxsiy sahifamga bir ayol yordam so‘rab, maktub yozdi. Xatda muallif Andijon viloyati, Baliqchi tumani, Xo‘jaobod qishlog‘i, Guzar mahallasi, “Xalqlar do‘stligi” ko‘chasi, 13-uyda istiqomat qiluvchi nogironligi bor singlisi Nargizaning og‘ir hayoti haqida yozgan. Ma’lum bo‘lishicha, Nargiza turmush o‘rtog‘i bilan birga yashamaydi. 11 yil avval eri qornidagi bolasi bilan uni urib, momataloq qilib yuborganda zo‘rg‘a ota uyiga qochib keladi. Erining zulmiga chiday olmay, birga yashamaslikka qaror qiladi va  farzandlari bilan ota uyida qoladi. Turmush o‘rtog‘i turli bahonalar bilan 4 farzandiga aliment to‘lamaydi, yordam ham bermaydi. Ayol farzandlarini boqish uchun tuzuk-quruq ish topa olmagach, Rossiya federasiyasiga ishlagani ketadi. U yerda baxtsiz xodisa ro‘y beradi. Ya’ni Nargizani Yekaterinburgda katta tezlikda kelayotgan mashina urib yuboradi va bir oydan ziyod kasalxonada bexush yotadi, bir amallab O‘zbekistonga qaytadi. Hozirda ayol 2-guruh nogironi, sog‘ligini yo‘qotgan, tez-tez davolanib turadi. Qolaversa, xomiladorlikdagi kaltaklarning asorati o‘laroq, kenja farzandining qovurg‘alari yaxshi rivojlanmagan, sog‘ligida muammo bor. Xatda yozilishicha, ular bir xovlida siqilishib qolishgan. Nogiron ahvolida yaqinlari ko‘magi bilan 4 farzandni tarbiyalayotgan ayolning uyga, shuningdek moddiy yordamga extiyoji bor. Mutasaddilarga qilingan murojaatlar esa samarasiz va javoblar “xo‘p-xo‘p”dan nariga o‘tmagan.

 

Muammoning ob’ektiv va sub’ektiv sabablari aniq. Voqealar markazida himoyaga muxtoj nogironligi bor ayol va voyaga yetmagan 4 nafar bola. Xo‘sh, Xudo ko‘rsatmasinu, biror fojia yuz bermagunicha, yana “ko‘r” va “kar” bo‘volib o‘tiraveramizmi? Yana “xo‘p-xo‘p ashulasi”ni aytishda davom etamizmi? Bo‘lar endi shuncha kulfat, yetar endi shuncha fojia.

 

Xullas, mana sizga fakt va muammo! Mana sizga yordamga muxtoj og‘ir sharoitdagi nogiron ayol va uning farzandlari!

 

Umid qilamizki, bu maqolani o‘qib, Andijon viloyati hokimligi, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Yoshlar ittifoqi va boshqa tegishli barcha muassasalar muammoni ijobiy hal qilishga ko‘maklashadi! 

 

Mavzu hali yopilmadi...

 

Muslim Mirzajonov,

jurnalist-bloger

Kiritildi: 12:19 11.07.2018. O'qildi: 1313 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!