«O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini xorijda tashkillashtirilgan tartibda ishga joylashtirish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, mehnat migrasiyasida bo‘lgan davrda murakkab moliyaviy vaziyatda qolgan fuqarolarga ajratiladigan bir martalik moddiy yordam puli miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 2 barobaridan 5 barobarigacha oshirildi.
Shuningdek, vaqtinchalik yashash joyisiz qolgan fuqarolarning vaqtinchalik yashash joylariga (xostel) joylashtirish bilan bog‘liq xarajatlar 300 AQSh dollaridan, 500 AQSh dollargacha oshirildi.
Shu bilan birga, xorijiy davlatlarga tashkiliy tarzda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish maqsadida ketayotgan fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i va boshqa tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofoti o‘rnini qoplash 300 ming so‘mgacha, og‘ir turdagi kasalliklarga chalingan va baxtsiz hodisalarga uchragan fuqarolarni davolanish bilan bog‘liq xarajatlari 1000 AQSh dollaridan, 1500 AQSh dollargacha oshiriladi.
Murakkab moliyaviy vaziyatda qolgan barcha ayollar va ularning voyaga yetmagan farzandlari beg‘araz tarzda Vatanga qaytariladi.