Tailanddan uchib kelgan va chamadonida qariyb qirqta zaharli ilon hamda toshbaqalarni noqonuniy olib o‘tayotgan yo‘lovchi Mumbay (Hindiston) shahriga qo‘ngandan so‘ng qo‘lga olindi. Bu haqda yakshanba kuni kechqurun Hindiston bojxona xizmati xabar berdi.
Bojxona bayonotiga ko‘ra, erkak Tailanddan uchib kelgan reysda qo‘l yuki ichida, jumladan, qariyb 40 ta indoneziyalik ilon (gadyukalar)ni yashirincha olib kirishga uringan.
Yo‘lovchining shaxsi oshkor etilmadi, biroq u bilan birga uchta o‘rgimchaksimon gadyuka va beshta Osiyo toshbaqasi ham aniqlangan.
Bombay bojxonasi tomonidan musodara qilingan hayvonlarning suratlari e’lon qilindi. Suratlarda ko‘k va sariq rangdagi sudraluvchilar chelak ichida tipirchilab turgani tasvirlangan. Bu haqda Noi.md nashri adevarul.ro manbasiga tayanib xabar bergan.
Eslatib o‘tamiz, fevral oyida ham bojxonachilar yana bir yo‘lovchini to‘xtatishgan edi. Uning yuk sumkasida plastik qutiga "ijodkorona tarzda" yashirilgan beshta siamang gibboni (Indoneziya, Malayziya va Tailand o‘rmonlarida yashovchi mitti maymunlar) borligi aniqlangan. Bu jonzotlar Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) tomonidan yo‘qolib ketish xavfi ostidagi turlar qatoriga kiritilgan.