Hayotimiz davomida har xil vaziyatlar va sabablar tufayli turli xil kasb egalari va suhbatdoshlar bilan muloqotda bo‘lamiz va axborot almashamiz.
Ushbu muloqotlar jarayonida suhbatdoshlarimizdan aniq faktlar va dalillarga asoslanadigan ishonchli ma’lumotlar bilan bir qatorda, ayrim hollarda isbotlanmagan va haqiqatdan yiroq bo‘lgan axborotlarni ham qabul qilamiz. Ba’zan esa o‘zimiz istmagan holda, suhbat jarayonida yolg‘on axborotlarga ishonib qolishimiz va manipulyasiya qurboni bo‘lishimiz ham mumkin.
Manipulyasiya sohiblari suhbatdoshini haqiqatdan uzoq bo‘lgan ma’lumotlarga ishontirish uchun voqeaga aloqasi bo‘lmagan noo‘rin o‘xshatishlar, biror jism yoki voqeaning qismlaridagi xususiyatlaridan umumiy xulosa chiqarish, jamiyatda uzoq vaqt davomida amalda bo‘lib kelgan stereotiplarni dalil qilib ko‘rsatish va boshqa qator usullardan unumli foydalanishadi.
Bunday yolg‘on va asossiz ma’lumotlarga tezishonib qolmaslik uchun eshitganlarimiznimantiqan va tanqidiy nuqtai nazardan tahlil qila olsak, bizga yanglish ma’lumot berishganiga yoki bo‘lmasa asl voqelikdan chalg‘itishganiga guvoh bo‘lamiz. Quyida keltirilgan misollar bizga yolg‘on argumentlarni va manipulyasiya usullarini o‘z vaqtida tushunishga yordam beradi.
Masalan, ba’zan eshitib qolamiz, “agar tamaki mahsulotlari zararli bo‘lganida, odamlarulardan allaqachon voz kechgan bo‘lardi”. Ushbu asossiz argument yillar davomida tamaki mahsulotlari insonlar tomonidan iste’mol qilib kelingani uchun uning zarari haqidagi axborotni yolg‘onga chiqarishga qaratilgan. Aslida mantiqan o‘ylab qaralsa, tamaki mahsulotlarini iste’mol qilishning salbiy oqibatlarini uzoq vaqt davomida boshidan kechirayotgan insonlar talaygina topiladi. Bundan tashqari, zamonaviy tibbiyot texnologiyalarining yanada rivojlanishibilan tamaki mahsulotlarining zararli oqibatlarini ko‘proq aniqlash imkoniyati paydo bo‘ldi. Shu boisdan, tamakining zarari haqidagi yangi axborot yuqoridagi asossiz argument orqali rad qilinishi mumkin emas.
Qaysidir narsaning eskiligi yoki uning uzoq vaqtlar davomida jamiyatda mavjud bo‘lganligi uning to‘g‘riligi va yaxshiligini anglatmasligi, shuningdek, yanglish xulosalar chiqarishimizga olib kelmasligi kerak. Biror bir ishning oldin ma’lum usulda qilinganligi, bundan keyin ham aynan o‘sha eski yo‘sinda davom ettirish kerak degan xulosa bizni fikrlash va masalaning yechimiga yangi g‘oyalarni qo‘llashdan cheklash bilan bir qatorda, qaror qabul qilish kabi noyob qobiliyatlarimizni ham o‘tmaslashtirib boradi.
Bundan tashqari, isbotlanmagan va statistikasini aniqlash imkoniyati bo‘lmaydiganasossiz argumentlarga qarab xulosa chiqarishimiz bizni noto‘g‘ri qarorlar qabul qilishimizga olib keladi. Manipulyasiya ishlatayotgansuhbatdoshlarimiz esa bundan unumlifoydalanishlari mumkin. Misol uchun, “biz kompaniyamizga Jasurni ishga olmasligimiz kerak deb, o‘ylayman. Chunki, u baliq tutishga qiziqadi, odatda, ko‘proq ishyoqmas odamlar baliq tutishga qiziqadi”. Biz ushbu argumentga ishonadigan bo‘lsak, Jasurni ishga olmasligimiz kerak. Lekin, qaror qabul qilishdan oldin tahlil qilib ko‘raylik. Baliq tutadigan odamlarning ishyoqmasligi to‘g‘risida yoki bo‘lmasa ishyoqmas odamlarning necha foizi baliq tutishi to‘g‘risida aniq statistik ma’lumotlar bormi?! Yo‘q, albatta.Bunday statistikani aniqlash ham qiyin masala.Demak, aniq asoslarga ega bo‘lmagan va isbotlanmagan yuzaki va sayoz argumentni kuchli qilib ko‘rsatish orqali qaror qabul qilish jarayoniga ta’sir o‘tkazilmoqda.
Psixologiyada “quduqni zaharlash” deb nomlangan manipulyasiya usuli mavjud. Muloqot yoki muzokaralar jarayonida ba’zan manipulyasiya qo‘llayotgan suhbatdoshlarimiz o‘z fikrlariga va g‘oyalariga auditoriyani hech qanday shubhalarsiz ishontirish uchun bu usulni mohirona qo‘llashadi. Masalan, “ushbu loyihaga juda oz mablag‘ sarflanganini faqat ovsar odamgina bilmasligi mumkin”. Bu munozara jarayonida qatanashayotganlarda ushbu loyihaga ko‘p mablag‘ sarflanganligi to‘g‘risida asosli faktlar va argumentlar bo‘lishi mumkin, ammo ular boshqalar oldida o‘zlarining “ovsar” emasligini isbotlash uchun aytishi lozim bo‘lgan fikrlaridan va dalillaridan voz kechishadi. Chunki, muzokara jarayonini manipulyasiya qilayotgan shaxs bu mavzuga hech kim tegmasligi va unga qarshi chiqmasliklari uchun uni suhbat boshidayoq “zaharlab” qo‘ydi.Kundalik hayotimizda va ish jarayonida uchraydigan bunday misollarni ko‘plab keltirishimiz mumkin.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, bugun axborot asri shiddat bilan rivojlanishda davom etar ekan, juda ko‘plab ishonchli va ishonchsiz ma’lumotlarga duch kelishimiz tabiiy hol. Ulardan o‘zimizga foydalisini olish va yanglish xulosa chiqarishdan saqlanish uchun biroz mantiqan o‘ylash va tahlil qilish talab etiladi.
Murodjon Mustafoyev, mustaqil tadqiqotchi