Haqqa yo‘l ko‘rsatib, uni oliylarga ko‘targan va botildan qaytarib, uni quyi tushirgan Allohga maqtovlar bo‘lsin! Barcha nuqsonlardan pok Zotga hamd aytaman, shukr qilaman va unga tavba qilaman, mag‘firat so‘rayman.Sig‘inishga Allohdan o‘zga loyiq iloh yo‘qligiga, Uning sheriksiz, yakkayu yolg‘izligiga hamda Muhammad alayhissalom Allohning bandasi va elchisi ekanligiga guvohlik beraman. Bu Zotda fazilat va sharafning eng mukammal darajasi mujassamdir. Bu kishiga, ahli oilalariga, sahobalariga hamda bularga ergashganlarga Allohning salovotu salomlari bo‘lsin!
Ey insonlar! Allohdan qo‘rqingiz! Chunonchi taqvo har bir vaqt va holatda nasihatning eng yaxshisidir. Zero Alloh taolo Qur’oni karimning Taloq surasi ikkinchi va uchinchi oyatlarida shunday marhamat qiladi: “Kimki Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur. Yana, uni o‘zi o‘ylamagan joydan rizqlantirur”.
Ey mo‘minlar! Islom ummatining xalifasi, qalbi ilohiy ilhomga to‘la imom Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning shunday degani rivoyat qilinadi: “Mening farzandlarim orasidan yuzida yer yuzini adolatga to‘ldiradigan belgisi bor kishi chiqadi”. Chunki Umar roziyallohu anhu shunga ishora qiluvchi tush ko‘radi va bu tushni u kishidan boshqalar ham qayta qayta ko‘radilar, hatto, bu ish odamlar orasida mashhur bo‘lib ketadi. Ko‘p yil o‘tmay bu tush ro‘yobga chiqdi va yerni adolatga, yaxshilikka va fazilatga to‘ldirgan bu mo‘jizaviy kishi dunyoga keldi.
Bu inson kim edi? Albatta, bu kishi dunyo ustunlaridan va islomning yuzidagi go‘zal xollaridan bo‘lib, tarixni xayratga solgan, bashariyatni lol qoldirgan, islom va musulmonlarning faxri, imom, hofiz, alloma, mujtahid, zohid, obid, xushbichim, puxta siyosat egasi, mo‘minlarning haqiqiy amiri Abu Hafs Umar ibn Abdulaziz ibn Marvon ibn Hakam ibn Umayya ibn Abdumanof Qurayshiy Umaviydir. U kishining onasi Laylo bintu Osim ibn Umar ibn Xattob roziyallohu anhumdir. Umar ibn Abdulaziz “Marvon o‘g‘lonlarining eng shijoatlisi”, degan gap yurardi, chunki u kishi kichiklik paytida otlarni tomosha qilgani otasining otxonasiga kiradi, shu payt bir ot u kishining yuziga tepib yorib qo‘yadi. Otasi yuzidagi qonni artib turib: “Baniy Umayyaning eng shijoatlisi bo‘lsang, albatta, baxtli bo‘lasan”, degan ekan.
Umar ibn Abdulaziz 61 – hijriy sanada Madinai munavvarada tug‘ildi, mulk va xalifalik xonadonida o‘sib ulg‘aydi. Darhaqiqat, otasi Abdulaziz ibn Marvon Misrda yigirma yildan ko‘proq amir bo‘lib xizmat qilgan, ko‘rinishi chiroyli, yuzi nafis, oriqdan kelgan, ko‘rkam soqolli kishi bo‘lgan. Umarning otalari vafot etgach mo‘minlarning amiri bo‘lmish amakilari Abdulmalik ibn Marvon u kishini farzandlariga qo‘shib oladi, va hatto, ayrim farzandlaridan ortiq ko‘radi hamda soliha, barcha ishda zarbul masal bo‘lgan qizi Fotimani nikohlab berib, kuyov qilib oladi. Fotima Umardan ko‘p ta’sirlangan va Allohning huzuridagilarni dunyo matosidan ustun qo‘ygan ayol edi.
Umar ibn Abdulaziz Madinada katta bo‘ldi. Ko‘plab sahobalar, tobe’inlar va ulamolar qo‘lida tahsil oldi, ularning ilmlaridan chanqog‘ini qondirdi, odob-axloqlari bilan xulqlandi va majlislarini lozim tutdi. Natijada bu tarbiya u kishining axloqida va farmoyishlarida namoyon bo‘ldi. Shu holatni doimiy saqlagan Umar mashhur bo‘lib ketdi.
Darhaqiqat, ulamolar va tarixchilar Umar ibn Abdulaziz maqtovini va yaxshi amallarini benihoya ko‘p zikr qilganlar. Bas, hofiz Zahabiy u kishini shunday sifatlagan: “U ishonchli va omonatdor edi, unda fahm, ilm va taqvo bo‘lib, ko‘p hadislarni rivoyat qilgan. U odil podshoh edi, Alloh rahmatiga o‘rasin va undan rozi bo‘lsin!”. Ulamolar uning gaplari va qilgan ishlarini hujjat sifatida qabul qilishgan va fiqhiy kitoblarida keltirib o‘tishgan. Ularning kitoblari Umarning so‘zlari bilan limmo-lim, misol qilib Ibni Qudomaning “Al-Mug‘niy” kitobini va Ibni Munzirning “Al-Avsat” kitobini va boshqa kitoblarni keltirish mumkin.
U kishi islomdagi eng birinchi mujaddid (islom dini ilmlari zanjirini mustahkamlovchi) olim bo‘lgan, buni imom Zuhriy va imom Ahmad ibn Hanballar alohida yozib ketishgan.
Ey Allohning bandalari! Umar sifatlari ichida eng ko‘zga ko‘ringani, uning Allohdan qattiq qo‘rqishi va serdavlat bo‘lishiga qaramay dunyodan o‘zini tiyishi bo‘lgan. Jufti haloli Fotima bintu Abdulmalik aytadi: “Allohga qasamki, insonlarning bu darajada ko‘p namoz o‘qiydigani va ko‘p ro‘za tutadigani bo‘lmaydi, lekin shunga qaramay, Umardan ko‘ra Allohdan ko‘proq qo‘rqadigan biror kishini ko‘rmadim, darhaqiqat, tungi to‘shagida ham Allohni zikr qilardi va qo‘rquvning qattiqligidan chumchuq qaltirog‘i kabi titrardi va hattoki: “albatta, insonlar xalifasiz tongni qarshilaydilar”, deb aytardi”.
Umar dastlab Madinai munavvaraga voliy (hokim) so‘ngra butun Hijozga voliy bo‘ldi. Xalifalik (otadan o‘g‘ilga) Sulaymon ibn Abdulmalik qo‘liga o‘tgach, Umarni vazir qilib oldi va undan doimiy maslahat olib, safarda ham, shaharda ham u kishidan ajramadi. Faqih Rajo ibn Hayvaning qilgan ishi qanday ham yaxshi?! U xalifa Sulaymonga, u o‘lim to‘shagida yotgan vaqtida xalifalikka Umar ibn Abdulaziz nomzodini taklif qildi.
Ey musulmonlar! Umar xalifalik bay’atini qabul qilgach, xutba qilish uchun birinchi bor minbarga chiqdi va mas’uliyat og‘irligi hamda Allohdan qo‘rquvi sabab, tili tutilib-tutilib xutba qildi. Vaqtiki, yangi mansab taqdirlash xutbasi tugagach xuddi oldingi xalifalarda bo‘lgani kabi xalifa qasriga borish uchun tantanali bezatilgan otlarga taklif qilindi, Umar bu narsalardan bosh tortib: “Men musulmonlarning biriman, ular borganlaridek boraman, qaytganlaridek qaytaman”, dedi va kim kamtarlik qilsa Alloh uning darajasini ko‘tarishini e’lon qilib uyiga qaytdi. Bas, xalifalik qasrini tark etib, o‘zining kamtarona uyiga keldi va mas’uliyat bosimi ostida xafa holatda o‘tirdi.
Birinchi bo‘lib islohotlarni mazlumlarning haqqini qaytarishdan boshladi. Bu islohotning boshi o‘zining qo‘lidagi yer va mol-mulklari bo‘ldi, o‘z qo‘l mehnati aralashmagan barcha mol-mulkini musulmonlar g‘aznasiga qaytardi, bu ishda mustahkam bo‘lishda shu qadar haris bo‘ldiki, hatto qilichidagi kumushdan ishlangan ziynatini olib tashlab, o‘rniga oddiy temirdan qo‘ydirdi hamda ayolining ziynatlarini ham musulmonlar g‘aznasiga topshirdi. So‘ng Umaviy xonadonining farzandlariga va amirlar, vazirlar va ularning atroflaridagi mulozimlariga e’tibor qaratdi va ulardan haqli bo‘lmagan holda qo‘lga kiritgan barcha mol-mulk, boylik va yerlarni qaytarishlarini talab qildi. Ular oz fursat ichida boyliklarsiz o‘zlarining sof shar’iy haqlari bilangina qoldilar. So‘ng Umar ularga g‘aznadan sahrodagi a’robiy va tog‘dagi cho‘pon olayotgan miqdordan ortig‘ini olishga hech kimning haqqi yo‘q ekanligini tushuntirdi. Ibn Muso aytadi: Umar ibn Abdulaziz xalifa bo‘lganidan to o‘lgunicha jabrlanuvchilarning haqqini qaytardi.
Umarning ommaning molini muhofaza qilish uchun chiqarayotgan farmoyishlari ba’zi musulmonlar g‘aznasi hisobidan yashaydigan qarindoshlarining noroziliklariga sabab bo‘ldi, ular Umarga g‘azab bilan noroziligini bildirish maqsadida elchi jo‘natar edilar, xalifa elchilarga: “Ularga Umar: “Ayting: «Albatta, men Rabbimga itoatsizlik qilishga ulug‘ Kun (qiyomat)ning azobidan qo‘rqaman»[1]” dedi, deb ayt!”, deb qaytarardi. Haqiqat shuki, Umarning bunday norozolik bosimi ostida bo‘lishiga qaramay chiqarayotgan hal qiluvchi qarorlari va ularning tatbiqi borasida ko‘rsatgan matonati, undagi shaxsiyyatning kuchliligiga dalolat qiladi.
Subhanalloh! Agar kishida Allohdan xavf, dunyo go‘zalligidan zuhd, yaxshi iroda, puxta loyiha va qaror chiqarishga kuch quvvat jamlansa, uni tatbiq qilishda sabr mukammal bo‘ladi va xolis ayonlarning ixtiyori ham muvofiqlashadi. Darhaqiqat, Allohning izni bilan natija lol qoldiradigan darajaga yetdi (oz fursatda buni zikr qilamiz).
Ey Allohning bandalari! Shubhasiz, Umar hayotda zohidlik va dunyo matolaridan yuz o‘girish borasida shu darajaga yetdiki, podshohlaru amirlar u yoqda tursin zohidlar ham u kishiga yetishdan ojiz edilar. Ba’zi vaqtlarda yuvilgan ko‘ylagini qurishini kutib juma namoziga kechikib chiqardi. Albatta, tez o‘tib ketadigan hayot qadrini yaxshi bilardi, chunki bu boqiy bo‘lgan oxirat oldida hech narsa emasdi. Uning qalbi dunyo boshqaruvidan xoli edi va shu shuurni doim qalbida saqlardi. Aynan shu narsa hayot in’omlari va muboh narsalardan foydalanishdan qattiq ehtiyot bo‘lishiga sabab bo‘lardi. Zero hech kim Umar kabi dabdabaga va turli qulayliklarga berilishdan o‘zini to‘xtata olmaydi, holbuki, u kishi zamonasining eng katta podshohi bo‘lgan, o‘sha vaqtdagi madaniylashgan va olamning poytaxti bo‘lgan Damashqda yashagan (bunday sharoitda kim o‘zini tiya olardi?!).
Umar ibn Abdulazizning xalifaligi boshqalaridan bir necha farqlar bilan ajralib turardi, bulardan adolat, tenglik, haqni egalariga qaytarish, hamma adolatsiz hokimlarni ishdan chetlatish va ularni jazolash, ishlarni maslahat bilan olib borish, oldingi hukumat belgilagan soliqlarni bekor qilish, insonlarga quruqlik va dengizda tijorat erkinligini taqdim qilish kabilarni eslash mumkin. Umar boshqa din vakillariga insof qildi, ulardan zulmni olib tashladi, diniy e’tiqodlariga erkinlik berdi, ibodatxonalariga tegmaslikka buyurdi. Kambag‘allar hojatini chiqarish, kirim va boyliklarni adolatli taqsimlash borasida Umarning moliyaviy siyosati juda kuchli bo‘lganidan odamlar orasida tenglik yuzaga chiqdi, hatto, u yerda sadaqaga muhtoj kimsa qolmadi. Imom Zahabiy Umar ibn Asiddan rivoyat qiladi. U shunday dedi: “Allohga qasamki, Umar tirik ekan, bizni oldimizga biror kishi katta mol bilan kelib: Bu molni xohlagan joyingizga ishlating! – desa, bergani odam topolmay hamma molini qaytarib olib ketadi. Darhaqiqat, Umar insonlarni boy qilib yubordi”.
Amirul mo‘mininning maktublari butun mamlakat bo‘ylab yuborilar va davlat poytaxtlari masjidlarida o‘qib e’lon qilinardi. O‘sha vaqtda islom mamlakati hududi yerning to‘rtdan biriga to‘g‘ri kelgan. Maktublarda shunday so‘zlar bo‘lgan: “Kimning zimmasida omonat bo‘lib, uni ado etolmasa musulmonlar g‘aznasidan to‘lasin! Kimning bo‘ynida qarzi bo‘lib, to‘lay olmasa, musulmonlar g‘aznasidan to‘lasin! Yoshlardan kim uylanishni ixtiyor qilsa, lekin mahr berishga ojizlik qilsa, mahrni musulmonlar g‘aznasidan to‘lasin! Musulmonlardan kim haj qilishni xohlasa, lekin nafaqaga puli bo‘lmasa, nafaqani musulmonlar g‘aznasidan to‘lasin!”. Allohga qasamki, biz bu tarixiy holat oldida sarosimaga tushishimiz mumkin, chunonchi tarix aytadi: Umar ibn Abdulaziz davrida faqirlik va kambag‘allar yo‘qolib ketdi, ha, yo‘qolib ketdi. Qiziq, bunga qancha vaqt ketdi ekan, o‘n yilmi yoki yigirma?! Yo‘q, Allohga qasamki, ikki yil ham to‘lmadi. Albatta, bu mo‘jiza. Albatta, bu imomning buyuk karomatidir. Darhaqiqat, Umar haq yo‘l, Alloh azza va jallaning yo‘lini mahkam tutdi. Bas bu borada Allohning mana bu so‘zi tasdig‘ini topdi: “Agarda (mazkur) yurtlarning aholisi imon keltirgan va taqvo qilganlarida edi, ular ustiga osmonlar va Yerdan barakotlar (eshiklari)ni ochib yuborgan bo‘lur edik” (A’rof 96).
Ikkinchi xutba
Bizlarga barcha ishlarda kifoya qilgan Allohga hamd bo‘lsin! Uning bandasi bo‘lmish Mustafoga hamda u kishining oilalari, sahobalari va ularga ergashganlarga salovot va salomlar bo‘lsin!
Ey iymon egalari! Umar ibn Abdulazizning hayoti uzoq davom etmadi, o‘lim u kishini tortib oldi, umri qirq yoshdan o‘tmadi. Vaqtiki, o‘lim to‘shagida kasal bo‘lib yotgach, kasallik xabari butun mamlakatga yoyildi. Odamlar bu xabardan qattiq ranjidilar, oh-voh chekdilar, ularning o‘sha kundagi musibatlarini tushunsa bo‘ladi, chunki ular biladilarki, Umar kabilar endi qaytib kelmaydi, uning islohotlari endi davom etmaydi, lekin Allohning irodasi (boshqa iloj yo‘q).
Kasallik kuchaygach, Umarning oldiga suyuklilari vidolashib kirdilar va u kishini ixlos ila sabrli holatda topdilar. Umar o‘g‘illarini chaqirtirdi, ular otalarini atrofiga o‘tirdilar. Ota farzandlarini ko‘z-nazari bilan quchib, vidolashuv so‘zlarini aytdi: “Ey o‘g‘illarim! Otangizga ikki ishdan birini tanlash ixtiyori berildi, yo sizlar boy bo‘lib, u jahannamga kiradi yoki sizlar kambag‘al bo‘lib, u jannatga kiradi. Bas, u jannatni tanladi va sizlarni kitob nozil qilgan va solihlarni do‘st tutgan Allohga qoldirdi”.
O‘lim vaqti yaqinlashgach, ahliga: “Chiqinglar!”, dedi, hamma chiqib ketdi. Eshik oldiga Maslama ibn Abdulmalik, uning singlisi Fotima o‘tirdilar va Umarni shunday deyayotganini eshitdilar: “Xush kelibsizlar, yuzlari na inson va na jinning yuziga o‘xshamaydigan zotlar”, keyin mana bu oyatni o‘qidi: “O‘sha oxirat diyorini Biz yer yuzida takabburlik va buzg‘unchilikni istamaydiganlar uchun qilurmiz. Oqibat taqvodorlarnikidir” (Qasos 83). So‘ng jim bo‘lib qoldi. Hamma ichkariga otildi, ruh tanani tark etgandi.
Ey islom egalari! Umar vafot etdi. To‘g‘ri Umar o‘ldi, lekin olamlarda hech qachon zikri o‘lmaydi. Musulmonlar duolarida, sanolarida xotirlaydilar va hatto musulmon bo‘lmaganlar ham eslaydilar.
Allohga qasamki, ruhim uni doim qumsaydi
Faqat orzuyim u dunyoda yo‘liqish
Qachon uni eslasam, meni shavqu zavq qurshab oladi
Abu Hafs, bas, uni va maqsadini qamrab
Oldi yosh bola undan keyingi adolatiga yig‘lab
Deydi: o‘ldimi o‘sha suvlari ummon
Odamlar janozada yetim holatda hayron
Bir birlaridan so‘rar: adolatni undan o‘zga kim qoim qilar
Alloh tomon ketdiku, ming ming odam nadomat chekar
Shariat farzandi, ular bir birin istar.
Alloh keng rahmatiga olsin, islom va musulmonlar sabab eng yaxshi mukofotlar bilan mukofotlasin!
1 An’om surasi 15-oyat
O‘zbekiston musulmonlari idorasining
Toshkent viloyat vakilligi mas’ul
kotibi Abdulaziz Kamilov tarjimasi
Manba: fitrat.uz