Shu yilning 28 avgust kuni poytaxtimizdagi “Turkiston” saroyida hozirgi paytda Amerika Qo‘shma Shtatlarida istiqomat qiladigan O‘zbekiston xalq artistlari Izro Malakov va Muhabbat Shamayeva konsert beradi. Bundan tashqari, xalq artistlari davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy yilning 6-10 sentyabr kunlari Shahrisabz shahrida ilk bor o‘tkaziladigan Xalqaro maqom san’ati anjumanida ishtirok etadi.
Bugun ushbu san’atkorlar yurtimizga yetib keldi. Fursatdan foydalanib, ulardan eksklyuziv intervyu oldik. Muhabbat Shamayeva ham o‘zbek san’ati haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
Muhabbat SHAMAYEVA, O‘zbekiston xalq artisti:
— Yana bir bor Vatanimda ekanligimdan behad hayajonlanib, xursand bo‘lib turibman. Ona-yurtingning tuprog‘i isi boshqa joydan topilmaydi.
Vatanimiz sahnasida kuylash — katta baxt. Konsert dasturimizga “okean orti”dan yuzlab mehmonlar ham tashrif buyuryapti.
San’at — mening hayotim. Uningsiz o‘tgan hayotimni ham, kelajagimni ham tasavvur qila olmayman. O‘zbekistonda tug‘ilib, o‘sdik. San’atning sirli olamiga qadam qo‘ydik. Yuzlab ashulalarimiz o‘zbek qo‘shiqchilik san’atining oltin fondidan joy oldi. Dunyoning 30 dan ziyod mamlakatlarida gastrol safarlarida bo‘lganman. U yerlardagi o‘zbeklar hozirgi kunda ham “Ko‘chalar”, “O‘rik gullaganda”ni kuylab berishimni so‘rashadi.
AQShda ham “Maqom” degan kichik ansambl tuzganmiz. Turli kechalar, festivallar va bayramlarda ishtirok etamiz. O‘zbek xalqining san’atini, madaniyatini, urf-odatlarini targ‘ib qilamiz.
“Turkiston” saroyidagi konsert dasturimizga vatandoshlarimizning qiziqishi yuqoriligidan boshim ko‘kka yetdi. Axir san’atni qadrlagan xalq tinchlik, insonparvarlik, mehr-oqibat, ma’naviy komillik yo‘lida jipslashadi. Uning badiiy didi o‘tkir, estetik saviyasi yuksak bo‘ladi.
Konsertimizda Sherali Jo‘rayev, Ozodbek Nazarbekov, Yulduz Turdiyeva kabi xalqimiz ardog‘idagi san’atkorlarning ham ishtirok etishi uning nufuzini, ommabopligini oshirishiga ishonaman.
Shahrisabz shahrida ilk bor o‘tkaziladigan Xalqaro maqom san’ati anjumanida ham qatnashishimiz bizga katta mamnunlik, yuksak g‘urur-iftixor bag‘ishlaydi. Zero, mazkur anjuman mumtoz merosimizni asrab-avaylash, uni yoshlarga bezavol yetkazishda, xorijliklar uchun esa milliy musiqa san’ati yutuqlarini, an’analarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Manba: xs. uz