Bugun 26 iyun, 2025 yil, payshanba

КИР

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Temurbeklar maktabi” o‘quvchilari Prezident maktabida

A A A
Mudofaa vazirligi tasarrufidagi “Temurbeklar maktabi”   o‘quvchilari Prezident maktabida

Mudofaa vazirligi tasarrufidagi Farg‘ona, Samarqand va Urganch «Temurbeklar maktabi» harbiy-akademik liseylari o‘quvchilarining tarixiy obidalar, muzeylar, ziyoratgohlar va diqqatga sazovor joylarga muntazam tashriflari uyushtirilmoqda.

Ular uchun ilk bor Toshkent shahridagi Prezident maktabida tashkil etilgan ekskursiya bir olam taassurot qoldirdi.

Poytaxtimizdagi Prezident maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari bo‘lajak harbiylarga hamrohlik qilgan holda, ularni jahon standartlari darajasida barpo etilgan zamonaviy ta’lim muassasasi bilan yaqindan tanishtirdi. Jumladan, ushbu maskanda ta’lim olish uchun yaratilgan sharoit, imkoniyat va qulayliklar haqida batafsil ma’lumot berishdi.

– Maktabimizda ona tili va adabiyoti, milliy istiqlol g‘oyasi va ma’naviyat asoslari, Vatan tuyg‘usi, O‘zbekiston va jahon tarixi, dunyo dinlari tarixi, davlat va huquq asoslari singari fanlar o‘zbek, bundan tashqari aksariyat fanlar ingliz tilida o‘qitiladi, – deydi Toshkent shahridagi Prezident maktabining Yoshlar ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti yetakchisi Mehriniso Shaymardonova. – Shuningdek, o‘quv muassasamizda 18 nafar mahalliy murabbiylar bilan bir qatorda 11 nafar xorijlik mutaxassislar o‘quvchilarga fan sirlarini astoydil o‘rgatyapti. Shuni ta’kidlash joizki, Prezident maktabida o‘quvchi-yoshlarni chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani orqali harbiy-vatanparvarlik ruhida voyaga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. 

– Prezident maktabi o‘quvchilari bilan ingliz tilida oson muloqotga kirishdim, – deydi Samarqand «Temurbeklar maktabi» o‘quvchisi Nurmamat Eshpo‘latov. – Bu yerda o‘zbek va jahon adabiyotlari bilan to‘ldirilgan muhtasham kutubxona, yuqori texnologiyalar asosida jihozlangan kompyuter sinflari, to‘rt mahal ovqatlanishga mo‘ljallangan alohida oshxona, barcha zarur inventarlar bilan ta’minlangan sport zali, suzish havzasi, shinam yotoqxona o‘quvchilar ixtiyorida. O‘z navbatida, biz ham ularni «Temurbeklar maktabi» faoliyati bilan tanishish uchun taklif etdik.

Shu kuni yoshlar sayohatni sermazmun o‘tkazishdi va bir-birlari bilan o‘zaro fikr almashib, kelajak orzulari haqida so‘zlab berishdi.

Dilshod RO‘ZIQULOV,

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

 

Kiritildi: 18:21 31.10.2019. O'qildi: 5698 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!