Muborak gazni qayta ishlash zavodi 50 yildan ortiq vaqt davomida tabiiy gazni qayta ishlash bilan shug‘ullanib kelmoqda.
Zavodga xomashyo gazi “Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi”, “Natural Gaz Stream” MCHJ QK, “New silk road oil & gas” MCHJ QK, “Sanoat Energetika Guruhi” MCHJ XK va “LUKOYL” MCHJ kompaniyalariga qarashli gaz konlaridan yetkazib berilmoqda.
Zavod tabiiy gazni oltingugurtli birikmalardan tozalash va quritish, barqarorlashgan gaz kondensati, suyultirilgan gaz ishlab chiqarish hamda texnik oltingugurt ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan.
Tabiiy gaz tarkibida oltingugurt birikmasi bo‘lgan gazlar absorbsion usulda tozalanadi va ushbu gazlar propanli past haroratli separasiyalash texnologik tarmoqlar hamda tabiiy gazdan propan-butan aralashmalarini ajratib olish qurilmalarida quritilib iste’molchilarga yetkazib beriladi.
Gazni tayyorlovchi qurilmalardan ajralib chiqqan nordon gaz tarkibidan “Klaus” usulida oltingugurt ajratib olish texnologik tarmoqlarga yuboriladi, bu qurilmalarda oltingugurt mahsuloti ishlab chiqariladi.
Zavodda mavjud oltingugurt ajratib olish 1-5 texnologik tarmoqlari 1973-1980 yillar davomida foydalanishga topshirilgan bo‘lib, bugungi kunda qurilmalar o‘rtacha 50 yildan ortiq vaqt mobaynida ishlatilib kelinmoqda.
Gazni qayta ishlash neftgaz kimyo apparatlari, quvur armaturalari hamda jarayonlarni avtomatik boshqaruv tizimi moddiy-ma’naviy jihatdan eskirganligi inobatga olinib, ilmiy-texnik institutlar tomonidan ishlab chiqilgan texnik xulosalarga asosan Muborak gazni qayta ishlash zavodi 5-sonli sexi oltingugurt olish qurilmalari hududida “KLAUS” usulida 60 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga oltingugurt ajratib olish 6-son yangi qurilmasini ishga tushirish loyihasi amalga oshirildi.
Mazkur texnologik qurilmani qurish va ishga tushirish bilan ishlab chiqarish barqarorligi ta’minlanadi. Birinchi navbatda zavodning uzluksiz ishlash imkoni yaratiladi. Ya’ni texnologik reglamentlarga asosan 1-5 tarmoq qurilmalari uzoq muddatlardan beri ishlayotganligi sababli har yili bir marotaba to‘xtatib ta’mirlash ishlarini olib borish rejalashtirilgan. Ushbu qurilmalarni 1 donasi ta’mirlashga to‘xtashi kunlik 2-3 million kub metr tabiiy gaz qisqarishi bilan bog‘liq. Shuningdek 20-30 kun davomida amalga oshiriladi.
6-son qurilmani ishga tushirish bilan 1-5 tarmoq qurilmalarida birin-ketin ta’mirlash ishlari olib boriladi va kuz-qish mavsumida barqaror va uzluksiz ishlashi ta’minlanadi. Shu bilan birga yiliga 128 million metr kub (soatiga 16,0 ming m3) nordon gaz qabul qilish orqali, 72,5 ming tonna gaz tarkibidan oltingugurt ajratib olinadi va yuqori oltingugurtli tabiiy gaz hajmlari qisqarishi oldi olinadi.