Bugun 3 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

Mourinyo «Real»da jazoning yangi usulini joriy qildi

Mourinyo «Real»da jazoning yangi usulini joriy qildi

Joze Mourinyu «Real»ga qaytishi bilan jamoada intizom borasida yangi tartib o‘rnatdi. Endi mashg‘ulotga kech qolgan futbolchilar pul bilan emas, o‘yin amaliyotidan mahrum bo‘lish orqali jazolanishi mumkin.

The Sun nashri Defensa Central’ga tayanib xabar berishicha, portugaliyalik murabbiy intizom buzilishi uchun pul jarimalaridan voz kechgan. Mashg‘ulotga kechikkan futbolchi umumiy guruhdan chetlatilib, trenajyor zalida yakka tartibda ishlashi mumkin. Bundan tashqari, u keyingi o‘yin qaydnomasiga ham kiritilmasligi ehtimoldan xoli emas.

AS nashri ham Mourinyu kelganidan keyin «Real»da qoidalar ancha qattiqlashganini yozgan. Yangi tartibga ko‘ra, futbolchilar mashg‘ulot boshlanishidan kamida bir soat oldin Valdebebasdagi bazaga yetib kelishi shart. Kechikkan o‘yinchi jamoa bilan emas, alohida shug‘ullanadi.

Mourinyu shtabi tiklanish jarayoni va ovqatlanish masalasini ham qattiq nazoratga olgan. Jarohatdan keyingi reabilitasiya klub bazasida o‘tishi kerak. Hatto futbolchi shaxsiy mutaxassis bilan ishlasa ham, bu jarayon klub nazoratida bo‘ladi. Jamoa rasioni ham «Real» mutaxassislari tavsiyalari asosida shakllantirilmoqda.

Mourinyu 2026 yil yozida «Real»ga qaytdi. Madrid klubi 11 iyun kuni 63 yoshli mutaxassis tayinlanganini rasman e’lon qildi. Uning shartnomasi 2029 yil 30 iyunga qadar mo‘ljallangan.

Portugaliyalik murabbiy bunga qadar 2010–2013 yillarda ham «Real»ni boshqargan. Uning qo‘l ostida madridliklar 2011/12 yilgi mavsumda 100 ochko jamg‘arib, Ispaniya chempioni bo‘lgan edi.

Kiritildi: 23:51 02.09.2026. O'qildi: 506 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!