Tojikiston hukumati Moskva viloyatidagi maktabda o‘ldirilgan 10 yoshli Qobiljon Aliyevning onasi Nilufar Safoyevaga uy berdi.
«Aziya-Plyus»ning yozishicha, Qobiljonning qarindoshlaridan biri Sherzod Alizodaning so‘zlariga ko‘ra, «uy mamlakat hukumati nomidan berilgan», ammo u aynan qaysi davlat organi tomonidan topshirilganiga aniqlik kiritmagan.
Shu bilan birga, vaziyatdan xabardor manba kecha ertalab mamlakatning bir nechta yuqori martabali mulozimlari Qobiljon Aliyevning oilasiga tashrif buyurib, hamdardlik bildirishganini aytgan, biroq, amaldorlarning shaxsiga aniqlik kiritmagan.
«Biz yordam bergan va yordam berishni istayotgan barchadan minnatdormiz. Shu bilan birga, jamoatchilik shuni bilishini istaymizki: hozirda biz yordamga muhtoj emasmiz, Qobiljonning onasi nomiga ochilgan bank hisob raqami esa yopilgan. Shu munosabat bilan, hech qanday bank hisob raqamlariga pul o‘tkazmasligingizni so‘raymiz», – deydi Qobiljon Aliyevning qarindoshlari.
Eslatib o‘tamiz, Qobiljon Aliyev 16 dekabr kuni Moskva viloyatidagi maktabda millatchilik g‘oyalari ortidan o‘ldirilgan edi. Uning jasadi 18 dekabr kuni Tojikistonga olib kelindi va shu kunning o‘zida vatanida — Shahrinav tumanidagi Ajamiy qishlog‘ida tuproqqa qo‘yildi.
Nashrning yozishicha, bu Rossiyada tojik bolasining irqiy adovat va millatchilar tomonidan qotillik qurboni bo‘lishi bilan bog‘liq birinchi holat emas. So‘nggi 22 yil ichida OAVda Rossiyada tojik bolalarining kamida oltita shafqatsizlarcha o‘ldirilishi haqida xabar berilgan.
Migrasiya sohasi bo‘yicha ekspertning ta’kidlashicha, millatchilar va radikallar tomonidan sodir etilayotgan bunday vahshiyona qotilliklar Rossiyada migrantlarga nisbatan adovat muhiti shakllanishi hamda millatchilik va ksenofobiya ko‘rinishlari uchun jazosizlik oqibatidir.