Indoneziya G‘azo sektoriga yuborish uchun 8 ming nafargacha harbiy tayyorlayotganini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.
2025 yil oxirida AQSh vositachiligida G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Indoneziya harbiylari mazkur kelishuvning ikkinchi bosqichi doirasida yuborilishi rejalashtirilmoqda. Indoneziya armiyasi shtab boshlig‘i, general Maruli Simanjuntak askarlar uchun mashg‘ulotlar allaqachon boshlanganini aytdi.
Yanvar oyida AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan e’lon qilingan “Tinchlik kengashi” tuzilmasiga Indoneziya ham qo‘shilgan. Ushbu tuzilma BMT Xavfsizlik kengashi mandati asosida G‘azoda Xalqaro barqarorlashtirish kuchlarini shakllantirishni nazarda tutadi. Kengash chegaralarni qo‘riqlash, hududni demilitarizasiya qilish hamda HAMASni qurolsizlantirish jarayoniga ko‘maklashishi kerak. 19 fevral kuni Vashingtonda “Tinchlik kengashi”ning birinchi yig‘ilishini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ta’kidlanishicha, Indoneziya harbiylari G‘azoda, asosan, tibbiy va muhandislik vazifalarini bajaradi. Biroq qo‘shinlarni joylashtirish va ularning aniq roli hozircha ochiqlanmagan.