Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etilgan Qamchibek Tashiyev bu qaror u uchun «kutilmagan» bo‘lganini ma’lum qildi. Uning murojaati tarafdorlari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilindi.
Tashiyevning aytishicha, u avval o‘tkazilgan jarrohlik amaliyotidan so‘ng tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun prezident ruxsati bilan xorijga chiqqan va lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi qarorni kutmagan. Shu bilan birga, u har qanday holatda ham davlat rahbari qarori ijro etilishi shartligini ta’kidlagan.
«Men davlatimizga, xalqimizga va prezidentga halol xizmat qildim va bundan faxrlanaman. Afsuski, shaxsiy tarkib bilan xayrlashish imkoni berilmadi. MXDQning har bir xodimiga minnatdorlik bildiraman va ularga muvaffaqiyat tilayman», deyiladi murojaatda.
Murojaat yakunida u fuqarolarni qonunlarga rioya qilishga, noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘ymaslikka va mamlakatda tinchlik hamda barqarorlikni saqlashga chaqirgan.