Rossiya va Ukraina o‘rtasida navbatdagi harbiy asirlar almashinuvi amalga oshirildi. Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qilishicha, tomonlar «160 ga 160» formatida harbiy xizmatchilarni o‘zaro qaytargan.
Vazirlik xabariga ko‘ra, Rossiyaga qaytarilgan harbiylar hozirda Belarus hududida bo‘lib, ularga zarur tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilmoqda. Keyinchalik ular davolanish va reabilitasiyadan o‘tish uchun Rossiyaga olib ketiladi.
Rossiya Mudofaa vazirligi asirlar almashinuvini tashkil etishda gumanitar vositachilik qilgan tomonlarga minnatdorlik bildirdi.
Bu Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi so‘nggi oylarda amalga oshirilgan navbatdagi asirlar almashinuvi bo‘lib, tomonlar avval ham bir necha bor yuzlab harbiy xizmatchilarni o‘zaro qaytargan edi.