O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “MO-Italiya” formatida to‘qimachilik, mo‘yna va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash sanoatini texnologik hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlariga kiritishni taklif qildi.
“Italiya ishbilarmon doiralarining mamlakatning innovasion rivojlanishidagi ulkan rolini inobatga olib, doimiy faoliyat yurituvchi “Markaziy Osiyo – Italiya ishbilarmonlar klubi” ishbilarmonlar muloqoti platformasini ishga tushirishni taklif qilaman. Bu klub mamlakatlarimiz savdo-sanoat palatalari qoshida ishlashi kerak. Savdo va sarmoyaviy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochish maqsadida poytaxtimizda ishbilarmon doiralarning keng ishtirokidagi bunday uchrashuvlar har yili o‘tkazilishi mumkin”, — dedi O‘zbekiston rahbari.
Shuningdek, u Toshkent hamkorlik markazlaridan biriga aylanishi mumkinligiga ishora qildi.
“Mineral xom ashyo va qishloq xo‘jaligi xom ashyosini chuqur qayta ishlash, elektrotexnika, kimyo, to‘qimachilik, mo‘yna va charm, oziq-ovqat sanoati, mahalliy sharoitda ehtiyot qismlar va sanoat tovarlari ishlab chiqarish bazasini mahalliylashtirish, Italiyaning yetakchi brendlari asosida dizayn markazlarini yaratish kabi qayta ishlash tarmoqlari hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘lishi mumkin. Biz mintaqaviy ahamiyatga molik loyihalarni amalga oshirish uchun Toshkent viloyatida yevropalik operatorlar tomonidan boshqariladigan maxsus park yaratishni boshladik. Biz hamkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga Italiya davlat idoralari va qo‘shma investisiya fondlarini jalb qilish zarurligini ko‘rib chiqyapmiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.