19–21 may kunlari Termizda Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha birinchi “Termiz dialogi” yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Unda “Umumiy tinchlik, do‘stlik va farovonlik qurilishi” mavzusi muhokama qilinadi. Tadbir O‘zbekistonning ikki Osiyo mintaqasi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan konstruktiv tashqi siyosatining mantiqiy davomidir.
Ushbu tadbir 2022 yilda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash” maxsus rezolyusiyasining amaliy ijrosi uchun xizmat qiladi. Bu rezolyusiya O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan 40 dan ortiq davlatlar hamkorligida ishlab chiqilgan.
Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasida siyosiy muloqotni kuchaytirish, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar munosabatlarni chuqurlashtirishga qaratilgan yangi mintaqalararo platforma yaratish, ortib borayotgan geoiqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik va kengayayotgan transmilliy tahdidlar sharoitida ayniqsa dolzarb bo‘lib, mintaqada tinchlik, barqarorlik va xavfsizlikni mustahkamlashga muhim hissa qo‘shadi.
Shu kontekstda Termiz dialogining ishga tushirilishi strategik ahamiyatga ega bo‘lib, transport, energetika va gumanitar integrasiya masalalarini muhokama qilish, shuningdek, mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy yondashuvlarni ishlab chiqish uchun barqaror va inklyuziv platforma sifatida xizmat qiladi.
Termizni muloqot o‘tkazish uchun joy sifatida tanlash global beqarorlik sharoitida yanada tizimli va muvofiqlashtirilgan mintaqalararo siyosatga o‘tishni ramziy ifoda etadi.
Markaziy va Janubiy Osiyo iqtisodiy, demografik va resurs salohiyatiga ega bo‘lishiga qaramay, hali ham dunyoning eng kam integrasiyalashgan mintaqalaridan biri hisoblanadi. Ularning o‘zaro bog‘liqligini kuchaytirish nafaqat iqtisodiy zarurat, balki mintaqaviy xavfsizlik, barqaror rivojlanish va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan strategik vazifadir.
Tarixan, ikki mintaqa Buyuk Ipak Yo‘li doirasida savdo va madaniy yo‘llar orqali qattiq bog‘langan. Biroq XIX–XX asrlardagi geosiyosiy inqirozlar, xususan Afg‘onistondagi uzoq davom etgan mojaro va tashqi davlatlar raqobati bu bog‘lanishlarni uzib, mintaqalarni o‘zaro izolyasiyalashga olib keldi.
Bugungi kunda globallashuv sharoitida yo‘qolgan aloqalarni tiklash xalqaro savdo va iqtisodiy integrasiyaning ob’ektiv talabi hisoblanadi. Markaziy Osiyo davlatlari uchun dengiz portlariga kirish imkoniyati tashqi iqtisodiy faoliyatni kengaytirishda muhimdir. Janubiy Osiyo esa energetika va suv resurslari hamda yangi bozorlar bilan qiziqmoqda. Mintaqalar o‘rtasidagi iqtisodiy o‘zaro to‘ldiruvchanlik o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun keng imkoniyatlar ochadi.
Mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik dasturini ilgari surishda O‘zbekiston yetakchi rol o‘ynaydi. 2020 yil dekabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatida tashqi siyosatning janubiy vektorini strategik ustuvorlik sifatida belgiladi. Janubiy Osiyo bilan aloqalarni faollashtirish, Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatishga ko‘maklashish va ushbu mamlakatni ikki mintaqa o‘rtasidagi tabiiy ko‘prik sifatida tiklash asosiy vazifalar sifatida belgilandi.
Mazkur tashabbusni amalga oshirishdagi muhim voqea – 2021 yilda Prezident tashabbusi bilan Toshkentda o‘tkazilgan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Xavf-xatarlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya bo‘ldi. Ushbu tadbir bayonotlardan amaliy qadamlar sari o‘tish bosqichi bo‘ldi.
Konferensiyada 44 davlatdan 250 dan ortiq ishtirokchi hamda 30 ga yaqin xalqaro tashkilot vakillari qatnashdi. Unda Markaziy va Janubiy Osiyo yaqinlashuviga oid savdo va investisiyalarni rivojlantirish, tovarlar, xizmatlar va kapital harakati uchun to‘siqlarni bartaraf etish, transport va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, xalqaro tashkilotlar ishtirokida savdo va logistika sohasida raqamli integrasiyani ilgari surish kabi tizimli yondashuvlar shakllantirish bo‘yicha qator tashabbuslar ilgari surildi.
Shuningdek, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, giyohvandlik savdosi va terrorizmga qarshi kurashish, ekologik hamkorlik, turizmni rivojlantirish va ta’lim dasturlari hamda forumlar orqali gumanitar aloqalarni kengaytirish bo‘yicha choralar taklif etildi.
Mazkur sa’y-harakatlarni davom ettirish maqsadida konferensiyada Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi muloqotning umumiy yondashuvlari, asosiy tamoyillari va yo‘nalishlarini belgilaydigan BMT Bosh Assambleyasiga rezolyusiya loyihasini taqdim etish taklif qilindi. Bu tashabbus keng qo‘llab-quvvatlandi va BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida mazkur rezolyusiya bir ovozdan qabul qilindi. Hujjatning hammuallifi sifatida dunyoning turli hududlaridan 40 ta davlat ishtirok etdi.
Termiz dialogi ikki mintaqani yanada yaqindan birlashtirish, o‘zaro ishonch va sheriklikni mustahkamlash, hamkorlikni kengaytirish hamda jahon maydonida mintaqaviy integrasiyani yanada rivojlantirish uchun yangi platforma bo‘lib xizmat qiladi. Bu nafaqat iqtisodiy, balki siyosiy va gumanitar yo‘nalishlarda ham umumiy manfaatlarga erishish uchun asos yaratadi.
Ushbu dialog barqaror taraqqiyot, xavfsizlik va tinchlikni ta’minlashda Markaziy va Janubiy Osiyoning umumiy kelajagini mustahkamlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning muhim bosqichi hisoblanadi.