Krasnoyarsk o‘lkasidagi “Ergaki” milliy bog‘ida ayiq sayyohlarga tashlandi. Natijada 1 kishi jarohatlanib, 16 yoshli o‘smir halok bo‘lgan.
Voqea 20 iyun kuni Ayiq yo‘li yaqinida sodir bo‘lgan. Sayyohlar guruhida 13 kishi bo‘lgan. Qutqaruvchilar hodisa haqidagi xabarni tunda olishgan. Hudud FVV bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, 1 kishi guruhdan ajralib qolgan. Ikki kishi uni izlab ketishganda ayiqni ko‘rib qolishgan. Bu vaqtda yirtqich o‘smirni o‘ldirib, uning jasadi oldida turgan. Odamlarni ko‘rgach, ayiq ularga tashlangan. Sayyohlardan biri ayiqni yaralashga ulgurgan va o‘zi ham jarohatlangan.
Bugun bog‘ xodimlari ayiqni otib o‘ldirishdi. Bog‘ direktorining aytishicha, uning o‘zini agressiv tutishiga sovuq ob-havo va qor tufayli och qolgani sabab bo‘lgan.
Ayni paytda tergov qo‘mitasi voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda.