Quyida so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda muhokamaga sabab bo‘lgan hodisa yuzasidan Muazzam Ibrohimova tomonidan e’lon qilingan maqola ayrim o‘zgartishlar bilan keltirilmoqda
1982 yil. Hali yigirma yettiga ham kirmagan hudud nozirini avval o‘n besh yillik qamoq jazosiga, so‘ng otuvga hukm qilishdi. Olti oylik o‘g‘li va ikki yoshga ham yetmagan qizalog‘i shok holatidagi xotinining qo‘lida chirqirab qolgan milisioner xizmat joyida ikki kishini otib o‘ldirgan edi. Sudda so‘z berishganida faqat bitta jumlanigina aytdi:
– Qilgan ishimdan pushaymon emasman. Men millat sha’nini himoya qildim.
Voqeaga guvoh bo‘lganlar va ularni himoya qilganlar ham kazo-kazolar, shu bilan birga ma’naviy, maishiy buzuq odamlar edi. O‘shanda yetti yoshli qiz edim. Bo‘layotgan voqealarni unchalik tushunmasam-da, qarindosh, qadrdonlarning yuzida aks etgan g‘am va seldek oqqan ko‘z yoshlardan shuni angladimki, sud hovlisidagi o‘rik shoxiga ilingan belanchakda yotgan Bahodirning dadasi “aybdor” edi...
Tarixni titkilab, vaqtingizni olish niyatim yo‘q, lekin kecha ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoga ko‘zim tushib, yana yaram yangilandi. Agar bu mavzuda yozmasam bejanoza, bekafan ko‘milib ketgan milisiya serjantining xotirasiga nisbatan haqorat bo‘lar edi.
Ayolni yechintirib, haqorat qilgan, ikki dunyosi kuyib ketgan maxluq qaysi onadan tug‘ilgan ekan? Undaylar yashashga, bu dunyoda nafas olishga noloyiq! Bu kimsaning ish faoliyatidan atigi yarim soatigagina guvoh bo‘lib, qanchalik nafratlanyapmiz. Uning bu kungacha qilgan razilliklari qancha ekan? Eski tuzumning tergov izolyatorlari, qamoqxonalardan omon chiqqan jabrdiydalar aytib bergan “strashilka”larning haqiqatligi bu videosiz ham o‘z isbotini topgan. Bolasini melisa, MXXga chaqirsa infarkt, insultga chalingan, jigarporasi mash’um dargohga yetmay omonatini topshirgan ota-onalar qancha?! Qachongacha mazax, masxara bo‘lib, huquqlarimiz toptalib yashaymiz? Adolat, haqiqat va millat sha’nini himoya qilishi kerak bo‘lgan mard o‘g‘lonlarimiz esa millat g‘ururini bulg‘ashyapti. Kecha videoda basharasi ko‘rinmagan hayvonni xizmat joyida adekvat holatda bo‘lganiga ishonmayman. U ruhiy kasal yoki biror narsa tortib olgani aniq! Shunday bo‘lmasa, avratini yopishga urinib yalinayotgan, kalta ishtoniniga qo‘l cho‘zib javdiragan ojizaning o‘rnida xotini, qizi yoki dunyoga keltirgan onasini tasavvur qilib, manfur ishga aslo qo‘l urmasdi. Hali-ku o‘g‘rilikda gumon qilinibdi, davlat xavfsizligiga tahdid qilgan insonni ham bu shaklda xo‘rlab, sha’nini toptashga hech kimning haqqi yo‘q!
Video tarqagach, bechora xotinga malomat toshini otib, “o‘lsa ham yechinmasligi kerak edi” deyayotgan hamyurtlarim ham topildi. To‘g‘ri, biz ojizalarning sha’ni hamma narsadan ustun! Ajal soya solganida ham nomusimizni asrashimiz shart! Men u ayolni tanimayman. Nima sababdan o‘g‘rilikka qo‘l urgani ham noma’lum. Ammo shunisi aniqki, u ko‘cha ayoli yoki pixini yorvorgan qonunbuzar emas! Beti qotib ketgan residevistlar yalintirmaydi. Shart-shart yechinib, tezroq qutulish ilinjida haligi iflosning nafsini qondirishi yoki sherday tashlanib buyruq berayotganning o‘zini yechintirib tashlashi mumkin! Videodagi hamjinsim esa xom! U qarshisida turgan odamsifat bir baloning keyingi xatti-harakati qanday bo‘lishidan qo‘rqib, balki uyida qolgan bolalarini o‘ylab buyruqqa qarshi isyon eta olmagani ayon-ku!
O‘zimga kelolmayapman. Palag‘da ovozigina eshitilgan isqirtni tarbiyalayotgan jamiyatda yashayotganimdan nafratlanib ketyapman. Bu iflosliklar qachongacha davom etadi? Kechagina to‘rt yashar go‘dakka tajovuz qilgan pedofil haqida o‘qib dilim larzaga kelgan edi. Keyin Turkiyaning qaysidir shaharchasida o‘z jiyanining nomusiga tegib o‘ldirib yuborgan tog‘a otliq haromining qilmishi... Ortidan bu video! Qiyomatni yaqinlashtirayotgan voqealar ildizi, ularning sabablari qayerda? Balog‘atga yetgan, yetilgan ayollargina emas, og‘zidan sut ta’mi ketmagan qizchalarni ham yechintirib, zo‘rlab, xo‘rlayotgan Xudobexabarlar qayerdan paydo bo‘lyapti?
Keling, ularni tahlil qilishga urinib ko‘raylik.
1. Bolaligimizda mahalla erkaklari o‘tirgan choyxona oldidan o‘tishga qo‘rqardik. Garchi boshimizda durra, to‘pig‘imizga tushib turadigan lozimcha kiysak ham, qishloq QONUNini buza olmas edik. Agar shunday qilsak, oshna-og‘aynisining davrasida mulzam bo‘lib qolgan dadam bizni koyib berardi. Chunki shirakayf jo‘rasining “Qizing katta bo‘lib qolibdi, o‘n yillardan so‘ng quda bo‘lar ekanmiz-da?” degan gapi ham maqtov emas, haqoratday eshitilardi. Uyga begona erkaklar mehmon bo‘lib kelsa-chi? Ketguncha ko‘zga ko‘rinmay, ovozimizni ham chiqarmasdik. Hozir-chi? Qizlarini bozorga soladigan otalarni kinoda, kliplarda targ‘ib qilyapmiz. Zamonaviy kiyimlarida ko‘kragi, soni tirsillab turgan balog‘atga yetgan qiz otasining o‘rtog‘i oldiga bemalol kirib keladi. Ko‘zini lo‘q qilib, “shu qizingni o‘zim kelin qilaman” desa, og‘zi qulog‘igacha cho‘zilib, “odobli” qizining tarbiyasidan mamnun irshayib o‘tirgan ota bo‘lmishlar – zamonamiz qahramonlari! Ularning ekrandagi qiyofasini esa el suygan xalq artistlari yaratyapti!
2. Maktabda o‘g‘il-qizlar aralash o‘ynamasdik. Qizlarning o‘z o‘yinlari, yigitlarning o‘z mashg‘ulotlari bo‘lardi. Hech esimdan chiqmaydi, hammaning oldida chotini ko‘tarib lanka tepgan “o‘g‘il bola” qizimizni o‘ninchi sinfda o‘qiyotgan akasi yomon urgan. Hozir-chi? Kallasi-kallasiga tegib, nafasi aralash bo‘lib ketayotgan yoshlarning bittagina mashg‘uloti bor – telefon! Hayotimizning ajralmas bo‘lagiga aylangan gadjetlar ichidagi shayton millat kelajagiga raxna solyapti.
3. Hikoyalarimning birida mahallamizning tarbiyachisi bo‘lgan Tojiniso xola haqida yozganman. U qishlog‘imizning oriyati edi. “Dilbuzoringni o‘chirib, bolangga qara! Qiz bola ham tol shoxidan ot minadimi? Ana, Samig‘ kal ko‘zini lo‘q qilib, qizingning ortidan lo‘killab qoldi...” Hamma narsaga burnini tiqaveradigan kampirni ko‘pchilik yomon ko‘rsa-da, hamma undan qo‘rqar va dilbuzorini o‘chirib, bolalar tarbiyasiga shoshardi. Hozir-chi? Mahallaning or-nomusi bo‘lgan ulug‘ onalarimiz qayerda? Pardoz-adozini qoyillatib gap, yig‘inlarda! Choyxonalardagi so‘rilargacha band qilib olgan ba’zi hoji onalar uzundan-uzoq duo qilishni ham qoyillatishadi. Shunday kayvonilarni ham ham uchratganmanki, mahalla kelinlari emas, o‘zinikiga ham tishi o‘tmaydi. Gapdan ortgan vaqtlarini sajdaga sarflashgani bilan jamiyatga bir tiyinlik foydasi bormikan? Tojiniso xola kabi tarbiyachilardan mosuvo ulg‘ayayotgan bolalarining ertasi nima bo‘ladi? Axiyri millat ko‘rki bo‘lmish ibo, hayo va oriyat liboslarisiz hammamiz yalang‘och bo‘lib qolmaymizmi?!
Kattaqo‘rg‘onlik uyatsiz, fosiq ham Marsdan tushmagan. U shu jamiyatda katta bo‘lgan, befarqlikning bittagina hosili, xolos!
Endi ko‘zingizni kattaroq ochib, benomuslik yo‘q bo‘lgan birorta jabhani ko‘rsatib bering!
Yarim-yalangoch dikillayotgan “artistlar”, boshlovchilar va boshqadan o‘rnak olayotgan o‘qituvchi, shifokor, muhandis va hokazolarning ham ochilmagan joyi qolmadi. Men paranji tarafdori emasman, ammo azaldan dini-diyonati mustahkam bo‘lgan Marg‘ilondan ham farishta qochganidan so‘ng nima deyishni ham bilmay qoldim. Mehribonlik uyida bo‘lgan razolat ijtimoiy tarmoqlarni larzaga keltirildi. El tanigan mashhur odamlar, amaldorlar nafsiga qul bo‘lib voyaga yetmagan qizlarning badanini tusab qolishgan. Aqlga sig‘maydigan ishlar bo‘lgan, biroq aybdorlar jazosini oldimi? Achchiq ichakdek cho‘zilayotgan tergov shafofmi? Nega ertalabdan kechgacha bemantiq ko‘rsatuvlarga to‘la oinai jahon miq etmay, tomoshabin bo‘lib turibdi? Nega mustaqil jurnalistlar va nodavlat saytlardan tashqari birorta rasmiy nashr, TV voqealarga oydinlik kiritmayapti? “Jinoyatlar bo‘lgan, ammo ijtimoiy tarmoqlarda rosa ko‘pirtirishgan” deya kichik ma’lumotcha bilan kifoyalangan huquq-tartibot organlari o‘zlari aytayotgan yolg‘onga ishonisharmikan? Ma’lumotlar ko‘pirtirilgan bo‘lsa, haqiqatni shubha qoldirmaydigan tarzda isbotlab, yoritishmaydi?
Viloyat hokimigacha jazolanishi kerak bo‘lgan holatda kichkina aybdorlar jazolanib, kattaroqlarining yuziga yengil tarsaki tushirildi. Aybdorlarning eng kattalari esa yallo qilib yurishibdi...
Namanganlik bir onadan xat oldim. O‘n sakkizga kirmagan qizi chilonzorlik qo‘shmachining qo‘lida ekan. Otasi o‘lgan. Kasalvand onasining dorisiga pul topmoqchi bo‘lgan qizni asira qilgan xotinning uyini surishtirib bordim. U oddiy qo‘shmachi emas, Koreyaga qiz sotadigan firmaning yordamchisi ekan. Aytishicha, kvartirasiga yig‘ilgan o‘n nafar qizlarni hech kim majburlamagan. Ular o‘z xohishi bilan koreys erga tegishga rozi bo‘lgan. Lekin qizlarning o‘zlari bilan suhbatlashib shunga amin bo‘ldimki, hech biri O‘zbekistondagi baxtidan bezib, chet elga qochayotgani yo‘q! O‘sha namanganlik qiz o‘z boshidan o‘tganlarni hikoya qilib berdi. Aytishicha, Namangan shahrining Gulshan degan joyida butun bir domni ishg‘ol qilgan ishbilarmonlar qizlarni Toshkentdagi Koreys firmalariga yetkazib, pul ishlashadi. Bunday “Gulshanlar” respublikamizning turli viloyatlarida bor. Bu tijoratdan hamma xabardor, hamma biladi, lekin birov g‘ing demaydi. Chunki “Til o‘rgatish” kurslari nomi bilan niqoblanib, qiz sotayotgan firmalarning ishi qonuniylashtirilgan. Firmaga to‘lanayotgan “qalin”ning summasi qiz-juvonligi, chiroyi va ma’lumotiga qarab 30000-100000 dollargacha boradi. Bundan atigi 1000 dollarigina qiz boqqanlarning qo‘liga tegadi. So‘mda o‘n millionga yetmay, qarz-qurzga ketadigan mablag‘ qizini o‘zbek xonadoniga uzata olmay, koreysga bergan qo‘li kalta odamlar uchun katta pul! To‘g‘ri, ko‘rpaga qarab oyoq uzatish, o‘zlari kabi kamsuqum oila bilan ham quda bo‘lish mumkin! Xo‘sh, nega shunday qilmayapmiz? Mingta chig‘iriqdan o‘tkazilib, eng sog‘lomlari chertib-chertib tanlab olinayotgan qizlarimizni nega o‘zimiz kelin qilmaymiz? Chunki biz o‘sha koreyschalik emasmiz! Ular sog‘lom, bo‘yi baland, ko‘rkam farzand ilinjida boshqa millatlarning baquvvat, bo‘yli-po‘stli, sog‘lom qizlariga uylanib qon yangilashyapti. Biz-chi? Eshigini umid bilan taqillatgan xonadon qizi nafaqat sog‘lom, chiroyli, balki muammolardan xoli bo‘lishi kerak. Ya’ni xonadon quda-andachilik qilishga qodir bo‘lsin, kuyov voyaga yetgan xonadon talab qiladigan “kriteyriy”larga mos tushsin, iloji bo‘lsa uch-to‘rt pog‘ona balandroq, boyroq bo‘lsa yanayam yaxshi. Alloh uchun, “Qizingizning o‘zigina kerak” deguvchilar o‘ta kam. Orzu-havasli ota-onasidan qolishmaydigan “tarbiyali” kuyovto‘ralarning dunyoqarashi bolaligidan shakllanib bo‘lgan.
Mayli, orzu-havasmand omilar o‘z yo‘liga. Ijtimoiy hayotimizga ta’sir ko‘rsata oladigan idoralar, vazirliklar, nomi ulug‘, suprasi quruq tashkilotlar qayerga qarayapti?! Nega biz birovlarning quchog‘ini gullatayotgan “Gulshan”lar, kambag‘al bo‘lsa-da, sog‘lom qizlarimizni sotayotgan firmalarning faoliyatiga chek qo‘ya olmayapmiz? Vodiydagi to‘y kortejini to‘xtatgan janob Quronboyevning kuchi Seul – Toshkent aviareyslaridagi kuyovlar oqimini to‘xtatishga ham yetsa ikki qo‘limni yuqoriga ko‘tarib tan berar edim.
Yana bir haqli savol: “Dini noma’lum koreysga tegayotgan qizlarning taqdiri nega Diniy idorani qiziqtirmayapti? Harom xo‘rakka majburlatilayotgan muslimalar tug‘ilganida azon eshitgan pokiza xilqatlar emasmidi?
Maxsus poliklinikada yigirmadan ortiq mutaxasis ko‘rigidan o‘tib “xonbok” kiyayotgan kelinlar Alpomish emas, Jumonglarni tug‘sa-yu, Sog‘liqni saqlash vazirligi mum tishlab o‘tiraversa!
Xalq ta’limi, Oliy ta’lim vazirligi-chi? Olti-etti oy ichida koreyschada bulbulday sayrayotgan qizlar boshqa xorij tillarini ham o‘rganib, o‘zimizda tarjimon yoki pedagog bo‘lib ishlashsa, minglab talabalar ulardan ta’lim olishsa, zo‘r bo‘lardi-ku!
Xotin-qizlar qo‘mitasi, Mahalla, Nuroniy jamg‘armalari, hokimiyat va boshqalar haqida gapirmay qo‘ya qolay. Agar ularning ko‘zlari ochiq bo‘lganida Namangandan xat yozgan ona menga emas, ularga murojaat qilgan va jigarporasining taqdiri “qochsang, kasalvand onang 50000 dollar to‘laydi” degan qo‘shmachining qo‘lida qolmagan bo‘lardi!
Bizda ayollarni tahqirlash ochiqcha! Faqatgina ro‘molga yopishishmaydi! Nufuzi ulug‘, har jihatdan ibrat bo‘lishi kerak bo‘lgan tashkilotlarning o‘zi ojizalarni xorlaydi. “Uyushmaganlar” iborasi bilan tamg‘alangan yoshlar orasida qiz-juvonlar yo‘qmi? Hatto Komsomol ham ayirmachilik qilmagan edi. Doim qovun tushiradigan Yoshlar Ittifoqi esa buning uddasidan chiqdi. Natijada ikkita katta oqim paydo bo‘ldi.
Bir qishloqqa borib, yigirmata qo‘y boqib yurgan qizga ko‘zim tushdi. Ota vafot etgan, oilada o‘g‘il bola yo‘qligi uchun ro‘zg‘or uning gardanida ekan. U tog‘asi sovg‘a qilgan ikkita qo‘yni yigirmata qilib, yana ko‘paytirmoqchi ekan. Yaxshiroq tanishish uchun suhbatga tortsam, qo‘limga gazeta tutqazdi. Unda bir davra aks etgan edi. Allaqanday bayramda ishtirok etib turgan odamlar orasida suhbatdoshimni darrov tanidim. Surat ostida esa “Falon qishloqning uyushmagan yoshlari Navruz saylida” degan yozuv turardi. Surat tepasidagi maqolada esa “uyushmagan” degan haqorat (ikkita qo‘yni yigirmata qilib, oiladagi olti jonni uyushtirib yurgan qiz uchun bu haqorat) naqd yigirma marta takrorlangan edi!
Yaqinda Yozuvchilar uyushmasida bo‘lgan bir yig‘inda chet ellik olima qizga so‘z berilmadi. “Aybi faqat reglamentga kiritilmaganidamikan” desam, uyushmaning uyushib olgan rahbariyati bundan avvalroq Turkiyadan tashrif buyurgan professorga ham so‘z berishmagan, u bilan uchrashuv uyushtirishdan bosh tortishgan ekan. O‘sha professor Abdulla Qodiriy asarlaridan tortib, Tog‘ay Murod asarlarigacha tarjima qilib, o‘zbek adabiyotining Turkiyadagi jonkuyar targ‘ibotchisidir. Adiblar bog‘idagi imoratni otasining puliga qurgan va mikrofonni uyidan olib kelgan rais o‘rinbosari ikki ojizani (men birga edim) hammaning ko‘z o‘ngida yarim soat tik turg‘izib, kuttirib qo‘ydi va baribir so‘z bermadi. So‘ng bir og‘iz ham kechirim so‘ramay g‘oyib bo‘ldi.
Tog‘ay Murodning “Otamdan qolgan dalalari” bo‘yicha ilmiy ish qilayotgan va sof o‘zbek tilida gapiradigan yosh olima yozuvchini dunyoga keltirgan xalqqa ta’zim qilmoqchi edi, xolos!
Millatning kattalari va ma’rifatparvar ziyolilari ayollarni haqorat qilgach, qolganlardan nima kutish kerak?! Menga qolsa, unigina emas, u nafas olayotgan jamiyatni ham tit-pitini chiqarib tekshirib, barcha aybdorlarni topib jazolagan bo‘lardim. Agar shunday bo‘lsa, qo‘rqoqligim tufayli millat sha’nini bulg‘ayotgan illatlarga qarshi tura olmayotgan eng katta aybdor – o‘zimni peshanamdan otsam adolatli bo‘lar edi !
...O‘ttiz olti yil avval qamalib, yo‘q bo‘lib ketgan milisiya serjanti – Odinayev Nosirjon amakim edi. U sobiq SSSR davrida Chumakova (xalq tilida Churakova) deb ataluvchi ko‘chada muntazam bo‘lib turgan maishiy buzuq yig‘inlarni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Chunki u o‘sha hudud milisiya noziri – tinchlik, osoyishtalik, axloq posboni edi. O‘sha tunda ham xizmat vazifasini bajarib, shahar ijroiya qo‘mitasi rais o‘rinbosari, prokuratura, oliygoh professori, maktab direktorlari ham aralashib qolgan to‘dani tartibga chaqirmoqchi bo‘lgan...
Sudda o‘zlarini oqlab, yolg‘on guvohlik bergan “jabrdiyda”larning to‘rttasi (biri maktab direktori, boshqasi magazinchi, bog‘cha mudirasi, oliygoh o‘qituvchisi) behayo ayollar bo‘lishgan. Ulardan biri yillar o‘tib, og‘ir xastalikka chalingach, o‘sha mash’um tunda sodir bo‘lgan voqealarni gapirib gunohlarini yengillatmoqchi bo‘ldi. Aytishicha, davradagilarning quturishiga atigi bittagina sabab yetarli bo‘lgan. Sud hukmi bilan yo‘q qilib yuborilgan “jinoyatchi” davrada mazaxo‘rak bo‘layotgan ayollarni yalang‘och ko‘rishni xohlamagan va ularning ustiga choyshab tashlagan!
Qarang, zamonning qanchalik o‘zgarganini. Kechagina or-nomusni himoya qilaman deb qamalib, yo‘q bo‘lib ketgan osoyishtalik posbonining hamkasbi bugun ayolni yechintirib, millat sha’nini bulg‘adi!
Demak, qadriyatlarimizni, nomusu orimizni tiklash davri keldi!
Qachongacha bir hovuch “kasallar”ga ermak bo‘ladi bu xalq?!
Videodagi ayol men bo‘lishim ham mumkin edi-ku! “Oilangiz, bolalaringiz, nomusingizni o‘ylang” degan gapni pista chaqib aytadigan fosiqlarga erk berib bo‘ladimi?!
Yo‘q!
Yo‘q!
Yana yo‘q!
Bundaylar bilan birga, bir safda ishlayotgan gunohkorlar (uzr, begunohlar deya olmayman) esa ko‘zingizni kattaroq ochib, safingizni tezroq tozalang! Zero, bir kuni xuddi shu xonada sizning onangiz, ayolingiz, qizingizni ham yechintirishlari muqarrardir!
Muazzam Ibrohimova