AQSh Yevropa Ittifoqi (EI) bilan simmetrik tarif kelishuvini tuzishga tayyor emas.
Bu haqda Germaniya kansleri Fridrix Mers Berlinda Norvegiya bosh vaziri Yonas Gar Styor bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.
"Amerikaliklar simmetrik tarif kelishuvini tuzishga tayyor emasligi aniq. O‘z navbatida biz bozorga tariflarsiz ochiq kirishni taklif qilamiz, chunki biz, yevropaliklar, ochiq bozorlar barcha manfaatdor tomonlar, ham import qiluvchilar, ham eksport qiluvchilar uchun foydali ekanligiga qat’iy aminmiz", - deya ta’kidladi Germaniya kansleri.
Mersning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida tariflar bo‘yicha muzokaralar juda qizg‘in kechmoqda. “Evropa komissiyasi butun Yevropa uchun muzokaralar olib bormoqda va bizga butun Yevropa uchun kelishuv kerak”, — deya xulosa qildi Germaniya hukumati rahbari.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp 1 avgustdan boshlab Yevropaning barcha eksportiga 30 foizlik bojlar joriy etilishini e’lon qilgan edi, shu bilan birga Yevropa Ittifoqidan po‘lat, alyuminiy va avtomobillarga joriy qilingan 10 foizlik bojlar qo‘shiladi. Bunga javoban, Yevropa Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen ushbu tariflar transatlantik ta’minot zanjirlariga putur yetkazishini e’lon qildi va nima bo‘lishidan qat’i nazar, 1 avgustgacha kelishuvga erishishga chaqirdi. Savdo siyosati va iqtisodiy xavfsizlik bo‘yicha Yevropa komissari Marosh Shefchovich Yevropa Ittifoqi AQSh bojlarini bekor qilishga intilishini tasdiqladi, biroq muzokaralar muvaffaqiyasizlikka uchragan taqdirda javob tariflari joriy etilishi uchun yiliga 72 milliard yevrolik AQSh eksport tovarlari ro‘yxatini tayyorlab qo‘ygan.